Xavfsiz mahalla — osoyishta hayotning mustahkam poydevori. Qashqadaryo viloyatida kriminogen vaziyat oʻrganildi
2026-10-09 07:35:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchiligidagi ishchi guruh Davlat rahbarining mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyatida oʻrganishlar oʻtkazdi.
Qamashi tumanidagi “Chim” mahallasida hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida qurilish-obodonlashtirish ishlari, jumladan, yangi sport majmuasi, mahalla binosi va yoshlar markazidagi ishlar koʻzdan kechirildi. Mahallalar yettiligining kriminogen vaziyatni jilovlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati tahlil qilindi.
“Xavfsiz mahalla” va “Xavfsiz xonadon” tamoyillari asosida videokuzatuv kameralarini oʻrnatish, ularni profilaktika inspektorlari xizmat xonalari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi vaziyatlar markaziga integratsiya qilish boʻyicha masʼullarga vazifalar belgilandi.
Mahallada aholi bandligini taʼminlash, fuqarolarni oʻzini oʻzi band qilishga jalb etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish borasidagi ishlar ham koʻrib chiqilib, bu yoʻnalishni kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Kitob tumanida ichki ishlar boʻlimi xodimlarining xizmat faoliyati, kriminogen vaziyatni nazorat qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish holati bilan tanishildi. Aholi gavjum joylar, bozorlar va avtomobil yoʻllaridagi yuz hamda davlat raqam belgilarini tanib oluvchi videokameralarning navbatchilik qismi va tezkor vaziyatlar markaziga integratsiya qilingani koʻzdan kechirildi.
Ichki ishlar organlari xodimlariga kiberjinoyatlarning oldini olish va aholining bu boradagi xabardorligini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlarini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda jinoyatchilik profilaktikasi, yoshlar va fuqarolar bilan manzilli ishlash, aholi bandligini taʼminlash hamda Yoʻl xaritasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi tahlil qilindi.
Shahrisabz shahrida ichki ishlar organlari faoliyati hamda aholi gavjum boʻladigan “Navroʻz” koʻngilochar istirohat bogʻida jamoat tartibini saqlash holati koʻrib chiqildi. Bu yerda xizmatga jalb etilgan kuch va vositalarning favqulodda tekshiruvi oʻtkazilib, masʼullarga zarur yoʻriqnomalar berildi.
Hudud masʼullariga koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga zamonaviy domofonlar oʻrnatish, ularni ichki ishlar boshqarmasi Tezkor boshqaruv markazi va profilaktika inspektorlarining xizmat planshetlariga integratsiya qilish, shuningdek, hududlarda jamoat xavfsizligini mustahkamlash choralarini koʻrish topshirildi.
Chiroqchi tumani ichki ishlar boʻlimida joriy yilning toʻqqiz oyida kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarning oldini olish va fosh etish, jamoat tartibini saqlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Hisobot davridagi kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Oʻrganishlar davomida Davlat rahbari qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va ijtimoiy profilaktika tizimini samarali tashkil etish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berildi.
Qashqadaryo viloyatidagi oʻrganishlar yakunida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchiligida vazirlik sohaviy xizmatlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda shahar va tumanlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda profilaktik ishlarni jadallashtirish va xavfsiz muhitni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Masʼullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bilan cheklanmasdan, har bir hududdagi vaziyatdan kelib chiqib, natija beradigan choralarni belgilash, ularning ijrosini qatʼiy nazoratga olish boʻyicha topshiriqlar berildi.









