Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbariyati Mirzo Ulugʻbek tumani mahallalaridagi kriminogen vaziyat bilan tanishdi
2026-10-08 09:50:00 / Yangiliklar

Manzilli tadbir davomida ichki ishlar vazirining joriy yil 8-sentyabrdagi farmoyishi asosida hududlarda jamoat tartibini saqlash, kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi murojaatlari bilan ishlash va boshqa yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar oʻrganildi.
Akademiya boshligʻi aholi gavjum koʻchalar, koʻngilochar maskanlar, jinoyat qayd etilishi mumkin boʻlgan joylarda boʻlib, mahalla faollari, profilaktika inspektorlari, patrul-post va qoʻriqlash xizmati xodimlari bilan muloqot qildi. Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida amaliyotga joriy qilingan raqamli yondashuvlar va ularning imkoniyatlari bilan tanishdi.
Masʼullarga aholi uchun xavfsiz muhitni yaratish, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan kuch-vositalar faoliyatini kuchaytirish, kameralashtirish va texnik qoʻriqlovga olish qamrovini oshirish, jinoyatlarni aniqlash va fosh etishda idoralararo hamkorlikni samarali tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek oʻrganishlar davomida mahallalarning jinoyatchilik dinamikasi tahlil qilindi. Masʼullar va akademiya vakillariga ilmiy-amaliy yondashuv asosida hududlarga mos tajribalarni yaratish, jinoyatchilik omillarini kunlik tahlil qilib borish, aholi bilan yaqin hamkorlikda va doimiy ishlash, oilalardagi ijtimoiy-maishiy muhitni yaxshilash, alohida toifadagi shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, muammolarni oʻz vaqtida hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati









