Ichki ishlar vazirligi Davlat tashkilotlari orasida birinchilardan boʻlib "Raqamli infratuzilma" axborot xavfsizligi va kiberxavfsizligini taʼminlashga qoʻshgan muhim hissasi uchun taqdirlandi
2026-10-07 12:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda malakali kadrlar salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 2026–2030-yillarga moʻljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi.
2026-yil 5–6-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Yevrosiyo kiberxavfsizlik sammiti doirasida “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi tomonidan “Cyberkent 4.0” kiberxavfsizlik musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur musobaqada axborot tizimlari va infratuzilmasini himoya qilish, mavjud zaifliklarni aniqlash va bartaraf etish, xavfsizlik monitoringi maʼlumotlarini tahlil qilish, hujum koʻrsatkichlarini aniqlash, shuningdek, sodir boʻlgan kiberxavfsizlik hodisalarini tekshirish va ularning takrorlanishining oldini olishga qaratilgan “Blue Teams” yoʻnalishi boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi.
“Blue Teams” yoʻnalishida Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamentining “SOC MIA” jamoasi axborot tizimlari va tarmoq infratuzilmasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kiberxavflarni aniqlash, xavfsizlik hodisalarini monitoring qilish va tahlil etish, hujum indikatorlarini aniqlash hamda aniqlangan tahdidlarga tezkor choralar koʻrish boʻyicha oʻzining amaliy salohiyatini namoyish etdi.
Shuningdek, jamoa aʼzolari kiberhujumlarning izlarini aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, tizimlardagi zaifliklarni bartaraf etish va kelgusida shu kabi hodisalarning takrorlanishining oldini olishga qaratilgan vazifalarni bajarish orqali yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarligini koʻrsatdi.
Shuningdek, tadbir doirasida oʻtkazilgan “CYBER MULOQOT” seminar-treningida maʼruza bilan ishtirok etgan IIV Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti vakili seminar-treningning eng faol ishtirokchisi deb topilib, munosib taqdirlandi.
Respublika tashkilotlari orasida birinchilardan boʻlib kiberxavfsizlik tahdidlarini aniqlash va monitoring qilish, shuningdek, kibertahdidlar haqida erta xabardor qilish tizimini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti negizida joriy etgani uchun Ichki ishlar vazirligi alohida eʼtirof etildi hamda taqdirlandi.
Erishilgan natijalar ichki ishlar organlari mutaxassislarining kiberxavfsizlik sohasidagi chuqur bilim, amaliy koʻnikma va tajribasi respublika hamda xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.




