Faxriylar — faxrimiz. Yoʻl xavfsizligi uchun qalam tutgan zot
2026-10-07 23:00:00 / Yangiliklar

Komil Tojiyevning ichki ishlar organlari tizimidagi faoliyati Davlat avtomobil nazorati xizmati bilan bogʻliq boʻldi. Yoʻl harakati qoidalarini targʻib qildi, bolalar bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha ishladi.
Qalamini ham qoʻymadi: maktablarda yoʻlda madaniyatli harakatlanish mashgʻulotlarini tashkil etish va militsiya xodimlari hayoti haqida chiqishlar qildi.
Ularda vaziyatni chuqur tahlil qilar, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish uchun aniq takliflar berardi. Shu tajriba va tashabbus 1980-yili televideniye bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Yoʻlingiz bexatar boʻlsin!» koʻrsatuvida ham namoyon boʻldi. Uning oʻzi mualliflik va boshlovchilik qilgan koʻrsatuv 1990-yili «Oq yoʻl» telejurnaliga aylantirildi.
Oʻsha yillarda maktablarda yoʻl harakati xavfsizligini oʻrgatish boʻyicha oʻzbekcha qoʻllanma yoʻq edi. 1990-yil oxirida Komil aka qisqa muddatda «Yoʻl hodisalarida bolalar shikastlanishining oldini olish» kitobini yozdi.
Mazkur qoʻllanma Xorazm viloyati Xalq taʼlimi boʻlimi hamda unga bevosita boʻysunuvchi viloyat pedagogika jamiyati raisi Shukurjon Madrahimovaning yordami bilan 1991-yili «Mehnat» nashriyotida 10 ming nusxada chop etildi va viloyat maktablariga tarqatildi.
1995-yilda Komil Tojiyev respublika xalq taʼlimi xodimi Pozil Sodiqov bilan hammualliflikda «Bolalar bogʻchalarida yoʻl qoidalarini oʻrgatish» kitobini yozdi. «Oʻqituvchi» nashriyotida 50 ming nusxada chop etilgan kitob respublika maktabgacha taʼlim muassasalariga tarqatildi.
1997-yilda Komil aka militsiya mayori unvoni bilan pensiyaga chiqdi, lekin ijodiy faoliyatdan toʻxtamadi. 2006-yili viloyat ichki ishlar boshqarmasining «Osoyishtalik uchun» gazetasi tahrir hayʼati aʼzoligiga oʻtkazildi, keyinchalik yetti yil davomida shu nashrga muharrirlik qildi.
2006-yilda Komil aka viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining 1936–2006-yillardagi tarixini yorituvchi «Yillar va yoʻllar» kitobini yozib, nashrdan chiqardi.
Unda oʻzi guvoh boʻlgan voqealar bilan cheklanmay, arxiv hujjatlari, turli manbalar va faxriylar xotiralariga tayanib, soha tarixini atroflicha bayon qildi. 2011-yilda Oʻzbekiston mustaqilligining yigirma yilligiga bagʻishlab kitobning ikkinchi jildini ham yozib, chop ettirdi.
2021-yilda Xorazm viloyati militsiyasi tarixiga bagʻishlangan «Jangovar postda bir asr» nomli kitobi nashrdan chiqdi. 2022–2026-yillarda jinoyat qidiruv xodimlari hayotidan olingan rus tilidagi «Rasplata» kitobi, YHXB xodimlari hayoti bilan bogʻliq «Doʻzaxdan quvilgan» nomli hajviy hikoyalar kitobi hamda sheʼriy toʻplamlari chop etildi.
Ayni paytda Komil aka 1999-yil 30-mart kuni Xorazmda terrorchilar garovga olgan avtobus yoʻlovchilarini ozod qilish voqealari haqidagi «Sarimoy voqealari» hujjatli qissasini tugatgan va nashrga tayyorlamoqda.
Komil Tojiyev bugun Xorazm viloyati IIB Faxriylar kengashi raisi oʻrinbosari. «Mehnat va jangovar shuhrat» muzeyi faoliyatida ham faol qatnashadi. Yosh xodimlarni Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat va milliy anʼanalarga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Ichki ishlar organlaridagi Tojiyevlar sulolasi ham davom etmoqda. Komil akaning oʻgʻli, podpolkovnik Toʻlqin Tojiyev Yangiariq tumani IIB profilaktika katta inspektori.
Nevaralari — leytenant Suhrob Komilov Bogʻot tumani IIB YHXB katta inspektori, leytenant Azizbek Nurullayev esa viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati katta inspektori lavozimida faoliyat olib bormoqda.
© «Postda» gazetasi,Nilufar Jabborova, Xorazm viloyati.
