Qoʻshqanotlar. parvozga kuch bergan yelkadoshlik
2026-10-06 08:15:00 / Yangiliklar

Hayotimiz yoʻllardan iborat. Maqsadlarimiz, orzu-istaklarimiz roʻyobi uchun turli manzillardan yurishga toʻgʻri keladi. Ammo baʼzi yoʻllar borki, ular qalbdan boshlanadi, muhabbat bilan goʻzallashib, masʼuliyat bilan mustahkamlanadi. Shunday yoʻllardan biri taqdirlar tutashgan, niyatlar mushtarak, qadamlar birga boʻlgan umr yoʻlidir.
Samarqand shahar 6-sonli IIB boshligʻi, katta leytenant Dadaxon Yoqubov hamda 3-sonli IIB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, katta leytenant Hilola Neʼmatova ana shunday qoʻshqanotlardir.
Payariqdan Samarqand tumaniga kelin boʻlib tushgan Hilola kelinlik vazifalarini bajarish, qaynona-qaynotani rozi qilish va roʻzgʻor yumushlarini badastir qilishga ham ulguradi.
Ularni birlashtirgan rishta faqat oilaviy mehr emas. Ularning taqdiri bir kasb, bir masʼuliyat bilan uygʻunlashgan. Ikki hamkasb, ikki qalb, ammo bir maqsad - el-yurt osoyishtaligi. Xizmatda ularning vazifalari turlicha: biri xotin-qizlar bilan ishlab, ularning dardu tashvishlariga quloq tutsa, ikkinchisi jamoa faoliyatini boshqarib, hududda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga masʼul.
Kun davomida xizmat tashvishlari, odamlar murojaatlari, turli muammo va masʼuliyatli qarorlar. Bunday vaziyatlarda insonga eng yaqin kishisining qoʻllab-quvvatlashi katta kuch beradi. Dadaxon Yoqubov va Hilola Neʼmatova oilada ham bir-birini qoʻllab, kasbiy faoliyatda ham tushunib, ruhlantirib kelmoqda. Chunki bir sohada xizmat qiladigan insonlar bir-birining mashaqqatini soʻzsiz anglaydi. Baʼzan bir ogʻiz «hammasi yaxshi boʻladi» degan soʻz, baʼzan esa oddiygina samimiy nigoh ham charchoqni yengishga, yanada kuch bilan ishlashga undaydi.
Oilada mehr va hurmat, xizmatda intizom va masʼuliyat. Bu ikki tushuncha ularning hayotida uygʻunlashib ketgan. Ha, har qanday qiyinchilik, kasbdagi mashaqqatlar, turmushdagi muammolarni yengib oʻtishda juftlik bir-biriga ishonch bagʻishlasa, u faqat yuksalishlar sari intiladi, xizmatga boʻlgan gʻayrati ham yanada mustahkam boʻladi.
Katta leytenantlar Dadaxon Yoqubov hamda Hilola Neʼmatova boʻsh vaqtlarida, albatta, sport bilan shugʻullanishni kanda qilishmaydi. Ularning bir yoshli jajji farzandi Amirbek esa oilaning quvonchi, ota-onasining ishonchidir.
Dadaxon Yoqubov va Hilola Neʼmatova uchun xizmat va oila bir-birini toʻldiruvchi ikki qanotdir. Bu qanotlarning parvozi bir manzilga - el ishonchi, oila farovonligi va yurt tinchligi sari yoʻnalgan. Ular bir-birini balandlatish uchun qanot qoqishadi. Zero, yelkadosh inson bilan bosilgan yoʻlning mashaqqati yengil, maqsadi esa yanada ulugʻ boʻladi.
© «Postda» gazetasi, Umida MAMADALIYEVA, Samarqand viloyati.
