“Uch avlod” vakillari Andijonda: tajriba, bilim va avlodlar muloqoti — VI Respublika konferensiyasi boshlandi
2026-10-05 16:10:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylarni eʼzozlash, ularning boy hayotiy va kasbiy tajribasini yosh avlodga yetkazishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Andijon viloyatida IIO “Uch avlod” maslahat kengashining VI respublika konferensiyasi oʻtkazilmoqda. Unda vazirlik masʼullari, Faxriylar kengashi vakillari, hududiy ichki ishlar organlaridan tashrif buyurgan faxriylar hamda yosh xodimlar ishtirok etmoqda.
Uch kunlik dasturning dastlabki ikki kuni mazmunli va koʻtarinki ruhda oʻtdi. Ishtirokchilar uchun avlodlar oʻrtasidagi vorisiylikni mustahkamlash, faxriylarning tajribasini yoshlarga yetkazish, oʻzaro muloqot va tajriba almashishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, “Faxriylar va yoshlarni ilm birlashtiradi” gʻoyasi asosida “Zakovat” intellektual tanlovi oʻtkazildi. Qizgʻin bahslar yakuniga koʻra, Andijon viloyati jamoasi 1-oʻrinni, Navoiy viloyati jamoasi 2-oʻrinni, Sirdaryo viloyati jamoasi esa 3-oʻrinni egalladi.
Shuningdek, “Eng faol faxriy xodim” tanlovi tashkil etilib, ishtirokchilarning bilim va tajribasi, jamoat ishlaridagi faolligi hamda yosh xodimlarga oʻrnak boʻlayotgan jihatlari baholandi.
Dastur doirasida faxriylar Andijonning tarixiy qadamjolari va muzeylariga tashrif buyurib, madaniy-maʼrifiy sayohatlarda ishtirok etdilar. Faxriylar kengashlari raislari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj faxriylar holidan xabar olinib, ular bilan samimiy muloqotlar oʻtkazildi.
Bunday uchrashuvlar faxriylar tajribasi, amaldagi xodimlar salohiyati va yoshlarning shijoatini bir maqsad atrofida birlashtirib, avlodlar oʻrtasidagi hamjihatlik va tajriba almashinuvini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.









