Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida sud-huquq masalalari va fuqarolarni qiynayotgan muammolar koʻrib chiqildi
2026-10-04 09:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasida navbatdagi shaxsiy qabulini oʻtkazdi. Qabul davomida asosiy eʼtibor aholi muammolarini qonuniy hal etish orqali hududda ijtimoiy-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda fuqarolarning huquqiy xavfsizligini taʼminlashga qaratildi.
Muloqot davomida fuqarolar tomonidan qilingan sud-huquq tizimiga oid murojaatlar, ijtimoiy nizolarning barvaqt oldini olish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari batafsil oʻrganildi. Shuningdek aholi bandligini taʼminlash, turmush sharoitini hamda infratuzilmani yaxshilash kabi masalalar ham jinoyatchilikdan xoli xavfsiz muhit yaratishning muhim omili sifatida tahlil qilindi. Turli maishiy nizolar va kelishmovchiliklar yirik huquqbuzarliklarga aylanib ketishining oldini olish maqsadida har bir murojaat qonunchilik talablari asosida chuqur koʻrib chiqildi.
Har bir murojaat yuzasidan huquq-tartibot idoralari va tegishli masʼul rahbarlarga aniq vazifalar belgilanib ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. Fuqarolar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, muammolarni joyida va adolatli hal etish orqali aholining davlat idoralariga boʻlgan ishonchini oshirish hududda tinchlik hamda osoyishtalikni taʼminlashning eng asosiy kafolati ekanligi qayd etildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









