Generalning hayot formulasi. Sinovlarda sinmagan sabot
2026-10-04 04:20:00 / Yangiliklar

Inson umri tekis va ravon yoʻldan iborat emas. Ichki ishlar organlari tizimida oʻzining adolatparvarligi va bukilmas irodasi bilan nom qoldirgan general mayor Talʼat Subhonovich Sattorovning hayot yoʻli ana shunday shiddatli, ziddiyatli va sinovli davrlar ichra kechgan.
U xizmat faoliyati davomida ikkita viloyatda IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari va toʻrtta viloyat IIB boshligʻi lavozimlarida ishlab, II darajali «Shon-sharaf» ordeni va «general mayor» oliy unvoniga sazovor boʻlgan.
Kurtak ochgan orzular
Talʼat Sattarov 1955 yilda Samarqand shahridagi ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi Subhon ota qurilish tashkilotida rahbarlik lavozimlarida mehnat qilgan, onasi Munavvara aya esa maktabda uzoq yillar yoshlarga bilim bergan oqila ayol edi. Oiladagi tartib, tarbiyaga boʻlgan kuchli eʼtibor va kitobga muhabbat boʻlajak IIO xodimining xarakterini erta shakllantirdi. U maktab davridayoq intizomi va intiluvchanligi bilan ajralib turadigan oʻquvchi edi. Yosh yigitchaning qalbida ichki ishlar organlarida xizmat qilish orzusining kurtak ochishiga Toshkent shahar IIB boshligʻi boʻlib ishlayotgan amakisi, general mayor Islom Sattorovga havas sabab boʻlgan.
Biroq Talʼat Sattorov hech qachon amakisining obroʻ-eʼtibori yoki yuqori mavqeidan foydalanmadi. U ilk qadamlaridanoq barcha yutuqlarga faqat oʻz kuchi, tinimsiz izlanishi va sabr-toqati evaziga erishishni maqsad qildi. Bu uning hayotiy tamoyiliga aylandi.
Armiyadan olingan saboq
Ichki ishlar sohasiga kirishdan avval Talʼat Sattorov haqiqiy askarlik maktabini oʻtadi. Tinch okeani flotidagi uch yillik xizmat yosh yigitni jismonan va ruhan chiniqtirdi. Harbiydan qaytgach, ichki ishlar organlarida xizmatni eng pastki boʻgʻindan boshladi. Toshkent shahar IIBning choʻntak oʻgʻrilariga qarshi kurash boʻlimida serjant unvonida faoliyat yuritarkan, avval poytaxtning har bir avtobusi, tramvayi va koʻchasini yaxshilab oʻrgandi. Ustozlaridan sohaning sir-asrorlarini oʻrganib, bir nechta jinoyatlarni ochishda bevosita ishtirok etdi. IIV Toshkent oliy maktabini muvaffaqiyatli tamomlagach, poytaxt IIB JQBda hamda IIV Transport boshqarmasida oʻz faoliyatini davom ettirdi.
Haqiqatning qaror topishi
1980 yillarda boshlangan «oʻzbeklar ishi» boʻroni Sattorovlar xonadonini ham chetlab oʻtmadi. Avvaliga general mayor Islom Sattorov, koʻp oʻtmay esa yosh Talʼat Sattorov ham soxta ayblovlar bilan hibsga olindi. U umrining eng goʻzal uch yilini panjara ortida oʻtkazishga majbur boʻldi. Bu sulola uchun cheksiz iztirob, ruhiy qiynoq va mislsiz sinovlar davri edi.
General mayor Islom Sattorovning volidai muhtaramasi, Talʼatjonning suyukli buvisi Narziyaxon aya keksayib, sogʻligʻi ancha zaiflashib qolgan edi. Shu bois yaqinlari mushtipar onaxonni asrab-avaylash maqsadida bu mudhish fojiani sir tutishga urinishdi. Ularga oʻgʻli va nabirasi «Moskvaga malaka oshirish uchun ketishdi», deya tasalli berishdi. Lekin ona qalbini aldab boʻlarmidi? Narziyaxon aya ich-ichidan sodir boʻlayotgan adolatsizlikni, jigarbandlarining boshiga tushgan koʻrgilikni sezib, kuyib-yonardi.
Bir kuni u mungli koʻzlarini oʻzini ovutayotgan yaqinlariga tikib, ushbu soʻzlarni aytdi: «Mayli, Talʼatku hali yosh, uning oʻqishga ketganiga oʻzimni ishontiray... Ammo oʻgʻlim Islom allaqachon general boʻlsa, undan yuqori yana qanday unvonu martaba borki, uni oʻqishga joʻnatishsa?! Meni aldamanglar, bolalarim...»
Onaxonning ushbu oʻkinch va iztirob toʻla soʻzlari xonadon ahlining yuragini tilka-pora qildi. Onaizor adolatsizlik qurboni boʻlgan oʻgʻli va nabirasining azob chekayotganini ruhan his qilib, ularning sogʻinchi bilan yashadi. Bu sabr va matonat, ayni paytda esa mustabid tuzumning insonlar qalbiga solgan bitmas-tuganmas jarohati edi.
Diydorga toʻymagan Dilshodbek
Talʼat Sattorov qamalgan paytda uning toʻngʻich oʻgʻli Dilshodbek bor-yoʻgʻi ikki yoshli goʻdak edi. Eng azobli lahzalar qamoqxonadagi uchrashuvlar edi. Turmush oʻrtogʻi ikki yashar goʻdakni koʻtarib kelardi. Oʻrtada qalin oyna. Bir-birining ovozini eshitish uchun faqatgina telefon goʻshagi. Ikki yoshli bolakay otasining issiq bagʻrini, mehrini qumsardi. U kichkina qoʻlchalari bilan muzdek oynani silar, narigi tomonda turgan otasiga talpinardi.
General oʻsha kunlarni eslab shunday deydi:
— Kamerada oʻtirganingda, xayoldan nimalar oʻtmaydi deysan... Ota-onang, yosh ayoling, murgʻak goʻdaging. Oynaning narigi tomonida oʻgʻlim menga qarab talpinar, lekin men uni bagʻrimga bosolmasdim. U meni qamoqda emas, balki davolanishda, kasalxonada deb oʻylardi. Har gal ketishganda, yuragimning bir parchasi uzilganday boʻlardi.
Biroq Talʼat Sattorovning irodasi bukilmadi. U adolat uchun kurashdi. Ish bir necha bor qayta koʻrildi. Nihoyat, adolat qad rostladi — Oliy sud uni toʻliq oqlab, qamoqxonadan ozod qildi. U ichki ishlar tizimiga qayta tiklandi, unvonlari qaytarildi. Bu sinmagan, bukilmagan oʻzbek oʻgʻlonining haqiqiy gʻalabasi edi.
— Otam bizga butun umr faqat halol yashashni, yurtga sidqidildan xizmat qilishni oʻrgatdi, — deydi Dilshodbek. — Padari buzrukvorim nohaqlik qurboni boʻlib qamalganida, onam adolatni tiklash uchun qoʻlidan kelgancha harakat qildi. Eng muhimi, otamga ruhiy madad boʻla oldi. Biz otamdan matonat va sabr-bardoshni oʻrgangan boʻlsak, onamdan toʻgʻri tarbiya va mehr oldik. Ular doimo masʼuliyatli xizmatda boʻlgani bois, tarbiyamiz va roʻzgʻorning bor sarishtaligi toʻliq onamning yelkasida edi. Mana shunday ota-onamiz borligidan faxrlanamiz.
Mudhish jinoyatning fosh etilishi
Talʼat Sattorov Fargʻona viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlayotgan vaqtda Dangʻara tumanida juda mudhish jinoyat roʻy beradi. Viloyat boʻylab taksi haydovchilari izsiz yoʻqola boshlaydi. Dastlab bu oddiy bedarak yoʻqolish deb gumon qilingan boʻlsada, tez orada vaziyat oʻta jiddiy tus oldi. T. Sattorov buni oʻz nazoratiga oldi va qoʻl ostidagi xodimlar bilan ishga kirishdi. Avvaliga jinoyatni ochish choʻzila boshladi, keyin kutilmaganda kalavaning uchi topildi. Yoʻqolgan haydovchilardan birining oʻgʻli tezkor xodimlar bilan birga Dangʻara va Qoʻqon tumani chegara hududidagi avtomobillar ehtiyot qismlari sotiladigan bozorda yurishganda, sotilayotgan «Jiguli» mashinasining oʻt oldirish qulfida turgan kalit brelogi otasiga tegishli ekanini tanib qoladi. Mana shu kalit brelogi ichki ishlar xodimlariga qotillarning izini topishda qoʻl keldi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu dahshatli qotilliklarni er-xotin sodir etayotgani fosh etildi. Ular yoʻl chetida turgan taksilarni yollab, xilvat joylarga borishgan. Soʻng haydovchini «uyimizda bir piyola choy ichib keting» deb aldab, oʻz xonadonlariga boshlab kelishgan va ularni shafqatsizlarcha oʻldirib, murdasini hovlining oʻziga koʻmib yuborishgan. Mashinalarni esa boʻlaklarga boʻlib sotishgan.
220 nafar kursdoshdan yagona general
2026 yilning may oyida Fargʻona viloyatida oʻziga xos tarixiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. 1982 yilda Talʼat Subhonovich bilan IIV Toshkent oliy maktabini bitirgan bir guruh kursdoshlar diydor koʻrishishdi. Oʻshanda ular 220 nafar edi. Yillar oʻtib, ularning koʻplari bu dunyoni tark etdi, baʼzilari esa sogʻligʻi sababli kela olmadi. Shu bois Fargʻonada 40 nafar bitiruvchi jam boʻldi.
Eng eʼtiborli jihati shundaki, 220 nafar kursdoshdan faqatgina bir kishi — Talʼat Sattorov general mayor maqomigacha koʻtarildi. Shuning oʻziyoq uning naqadar matonatli, poʻlat irodali, sabr-bardoshli va oʻz kasbiga fidokor inson ekanligining isbotidir.
— Biz Talʼat Sattorov bilan begʻubor yigitlik davrida tanishdik, mana, doʻstligimizga 40 yildan oshdi, — deydi isteʼfodagi podpolkovnik Toʻychi Samiyev. — U haqiqiy maʼnoda suyansa boʻladigan, irodasi mustahkam, barchaga maslahatlarini ayamaydigan samimiy inson. Boshidan oʻtgan nohaqlik sinovlarida oilasining chekkan zahmatlari va uning mardonavor tura olgani haqiqiy matonat namunasidir.
Ustozlar Oʻgiti, shogirdlar ehtiromi
Insonning kasbiy kamoloti va zafarlar choʻqqisiga chiqishida toʻgʻri yoʻl koʻrsatgan ustozlar oʻgiti hamda uning maktabini davom ettiruvchi sodiq shogirdlar ardogʻi neʼmat — aslida. General mayor Talʼat Sattorovning xizmat yillaridagi ilk muvaffaqiyatlari va jinoyatchilikka qarshi kurashda toblanishida birinchi ustozi polkovnik Haydar Azizovning xizmati beqiyos. Soha sirlarini mukammal oʻrgatgan ustozi podpolkovnik Sergey Arutyunov hamda polkovnik Mars Qosimovlarning hayotiy saboqlari ham boʻlajak rahbar uchun haqiqiy maktab vazifasini oʻtadi.
Generalning boshiga tushgan mudhish adolatsizlik yillarida sinmasligi, tizimga qaytib ulkan zafarlarni quchishida vazirlik rahbariyati va ustozlarning ishonchi katta tayanch boʻldi. Ayniqsa, mustaqil yurtimiz ichki ishlar tizimining tamal toshini qoʻygan ardoqli rahbar, general-polkovnik Zokir Almatovning koʻrsatgan gʻamxoʻrligi, yuksak eʼtibori va cheksiz ishonchini Talʼat aka bugun ham alohida faxr bilan tilga oladi.
Mana shunday buyuk ustozlarning duosini olgan qahramonimizning oʻzi ham respublika miqyosida yuzlab fidoyi xodimlarni tarbiyalagan ustozga aylandi.
Oila uning tayanchi
Bugungi kunda general oila bagʻrida ibratli hayot kechirmoqda. Uning yonida uzoq yillar, eng ogʻir va suronli kunlarda ham sodiq yelkadosh boʻlgan, hayotning mashaqqatli sinovlarini birgalikda mardonavor yenggan rafiqasi bilan birgalikda uch farzandni tarbiyalab, uyli-joyli qilishdi.
Eʼtiborlisi shundaki, oiladagi muhit, otaning adolat va qonun ustuvorligi yoʻlidagi fidoyiligi farzandlarning taqdir yoʻlini ham belgilab berdi. Dilshodbek, Sitora hamda Shahzod ota kasbiga yuksak hurmat ruhida ulgʻayib, huquqshunoslik sohasini tanlashdi. Bobosining jasorati va ibratli hayot yoʻlidan faxrlanuvchi nabiralar esa sulolaning ertangi kuni, kelajakning yangi gʻunchalaridir.
© «Postda» gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.


