Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Fan, taʼlim va huquqni muhofaza qilish amaliyoti oʻrtasida innovatsion hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi
2026-10-03 09:50:00 / Yangiliklar

Gibrid formatda tashkil etilgan anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti vakillari ham ishtirok etdi.
Konferensiyada huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda ilgʻor xalqaro tajriba asosida innovatsion taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir avvalida akademiya boshligʻining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Nasiba Turgʻunova soʻzga chiqib, anjumanning dolzarb ahamiyatini taʼkidladi. U ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan qarorda belgilangan ustuvor vazifalar va amaliyotga joriy etilayotgan yangi mexanizmlardan kutilayotgan natijalarga toʻxtaldi.
Anjumanda mamlakatimizdagi soha tashkilotlari bilan bir qatorda Rossiya, Tojikiston va Qirgʻiziston vakillari ham maʼruza qildi. Jinoyatchilikning oʻzgarishi sharoitida kadrlar tayyorlash, jamoat xavfsizligi sohasida innovatsion hamkorlik, taʼlim va amaliyot integratsiyasi, shuningdek sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.






