Kasbidan kamol topganlar. Inson taqdiriga daxldorlik
2026-10-02 12:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist, isteʼfodagi polkovnik Alisher Sharofutdinov bilan suhbatlashganda uning umri tergov jarayonlarida, jinoyat ishlari jildlari orasida, prokuror va ekspertlar bilan bahs-munozaralarda, eng muhimi, yuzlab-minglab insonlarning taqdiri bilan bogʻliq murakkab qarorlar qarshisida kechganini his qildik.
Kasbiy mahorati, huquqiy bilimi va orttirgan tajribasi Toshkent shahar tergov tizimidan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarligiga, keyin esa Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimiga olib chiqqan.
A. Sharafutdinov pensiyaga chiqqanidan keyin yana safga qaytdi — bu safar ustoz sifatida. IIV Akademiyasida yosh mutaxassislarga dars berib, koʻp yillik amaliy boy tajribasini ular bilan baham koʻrib kelmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida tergov va kriminologiya yoʻnalishida ilmiy-amaliy faoliyat bilan uygʻunlashtirib, soha rivojiga ham oʻz hissasini qoʻshmoqda.
UCH YILGA REJALANGAN YOʻL — OʻTTIZ UCH YILLIK UMR
Koʻpchilik biladi, otam Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, onam esa «Oʻzbekfilm»da uzoq yillar dublyaj muharriri boʻlib ishlagan Sharofat Qoʻshboyeva. Oilada uch nafar farzand boʻlganmiz, akam va opam adabiyotshunoslik yoʻnalishini tanlashdi, faqat men huquqshunoslikka qiziqdim. Bu qiziqishga, ehtimol, maktabda «Huquq asoslari» fani oʻqituvchimiz sabab boʻlgandir.
Xullas, Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetiga hujjat topshirdim. Ammo bitirgunimga qadar qayerda ishlayman, degan savolga javob topolmay kelardim. Bir kuni kasb tanlash masalasida otam bilan suhbatlashdik. Universitetda dars bergani uchun men: «Dada, men ham sizga oʻxshab domla boʻlsammikan?» dedim. «Agar domla boʻlaman desang, ilm bilan shugʻullan. Bu igna bilan quduq qazigandek mashaqqatli ish», dedi. Oliygohni tamomlaganimizda, oʻsha davr tartibi boʻyicha men ichki ishlar organlari ixtiyoriga yuborildim va hozirgi Olmazor tumaniga tergovchi etib tayinlandim.
Ilk xizmat davrlarimni eslarkanman, ustozlarimni alohida minnatdorlik bilan tilga olaman. Tergov boʻlimi boshligʻi Nabi Abduqodirov va prokurorimiz Aziz Muhammadaliyev menga katta eʼtibor bilan qarardi. Yosh xodimni ishdan bezdirib qoʻymaslikka harakat qilib, ehtiyotkorlik bilan muomala qilishardi. Biron marta qattiq urishganini eslay olmayman. Juda boʻlsa: «Mulla yigit, afandimisiz?» derdi. Biz uchun shuning oʻzi katta tanbeh edi.
Xullas, vaqt oʻtishi bilan ishning sir-asrorlarini anglay boshladim. Uch yil deganda, rahbariyat eʼtiboriga tushadigan tergovchi boʻlib qoldim. Ishlarimdan oʻzim ham rohat tuyardim. Bir kuni otam yana oʻsha gapni eslab: «Mana, uch yil ham oʻtdi, ancha ishlab qoʻyding. Tergovchilik faoliyatini ham yaxshi oʻzlashtirding. Endi buyogʻiga domlaligingni qilgin», dedi. Lekin bu safar mening javobim boshqacha boʻldi: «Dada, menga ishim juda maʼqul boʻlib qoldi. Keling, men shu yoʻnalishda ishlay», dedim. Shundan keyin uch yillik reja oʻzgartirib, oʻttiz uch yilga aylandi.
TERGOVCHINING MUHIM QUROLI — HAQIQAT
Tergovchilik — qonunlarni hayotning murakkab va ziddiyatli voqealari bilan toʻqnashtirib, haqiqatni izlash kasbi. Bu kasbda inson taqdiri, uning erkinligi, shaʼni va kelajagi bilan bogʻliq qarorlar qabul qilinadi. Shuning uchun ham haqiqiy tergovchiga faqat huquqiy bilimning oʻzi kamlik qiladi. Undan teran aql, mantiqiy fikrlash, xolislik, sabr-toqat, odamlar bilan muloqot qila olish, eng muhimi, haqiqatga sadoqat talab etiladi.
Tergovchi har qanday ish holatini har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshirishi kerak. Uning har bir qarori haqiqiy holatlarga asoslanishi, dalillar bilan mustahkamlanishi lozim. Tergov jarayonida shakllanadigan ichki ishonch ham ana shu tamoyillarga tayanadi. Ichki ishonchni gumon bilan adashtirmaslik kerak. Gumon — izlanishning boshlanishi, ichki ishonch esa dalillar har tomonlama tekshirilib, tahlil qilinganidan keyin shakllanadi. Tergovchi gumonlanuvchi keltirayotgan vajlarni ham sinchiklab oʻrganishi, ularni tasdiqlashi yoki asossiz ekanini dalillar bilan koʻrsatishi kerak. Shuning uchun tergovchi dastlabki gumondanoq insonni aybdor deb qabul qilib qoʻymasligi lozim. Tergovning vazifasi mavjud taxminni tasdiqlaydigan yoki inkor etadigan dalillarni toʻplash va ularga qonuniy baho berishdan iborat. Agar aybni isbotlashning imkoni boʻlmasa, tergovchi oʻzining avvalgi taxminiga yopishib olmasligi kerak. Isbotlash qoʻlingdan kelmadimi, qoʻlingni koʻtargin, uzringni soʻragin, qaytaga oʻsha jinoyatni ochish metodikalarini chuqurroq oʻrgangin. Chunki chala tergovning oqibati bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydi. Davlat organining xatosi odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga ham taʼsir qilishi mumkin. Shuning uchun qaror qabul qilayotganda yetti marta emas, yetmish marta oʻlchab, undan keyin kesish maqsadga muvofiq boʻladi.
ENG KATTA ISTAK
Har bir jinoyatning ochilishi — tergovchining eng katta istagi. Lekin tergovchilik faoliyatida ochilmay qoladigan jinoyatlar ham uchraydi. Barcha jinoyatni mutlaqo yuz foiz ochishni talab qilish esa hayotning murakkabligini, inson omilini hisobga olmaslik boʻladi. Chunki jinoyat sodir etgan odam, tabiiyki, uni yashirishga harakat qiladi. Kimdir izlarni shunday berkitadiki, uni fosh qilish oson boʻlmaydi. Lekin ochilmagan ish tergovchi uchun tugagan ish degani emas. Qonun doirasida tergovni davom ettirishning imkoni boʻlmagan holatlarda ish belgilangan tartibda toʻxtatilishi mumkin. Ammo bu bilan ishga qiziqish ham, jinoyatni ochish harakati ham toʻxtab qolmaydi. Tezkor-qidiruv tadbirlari davom etadi. Ilgari toʻxtatilgan ishlardan keyinchalik ochilganlari ham bor.
Bilasizmi, men uchun ochilmagan jinoyatning eng ogʻir tomoni — jabrlanuvchining koʻzlariga qarash. Chunki u tergovchining oldiga ishonch bilan keladi. «Shu ishni ochib bering», deb umid qiladi. Tergovchi hozircha natijaga erisha olmagan boʻlishi mumkin. Ammo shu paytda ham jabrlanuvchi tergovchining harakatini, ishga munosabatini koʻrishi kerak. Shuning uchun men doim yosh tergovchilarga: «Koʻproq gaplashing, jabrlanuvchining fikrini oling, nima qilayotganingizni tushuntiring», deb aytaman.
QIYNOQ — TERGOVNING YOʻLI EMAS
Keyingi yillarda qiynoqlarning oldini olish, ushlangan va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan huquqiy va tashkiliy choralar kuchaytirildi. Advokatning sudga qadar ish yuritishdagi ishtiroki va vakolatlari kengaydi, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashdi. Tergov jarayonlarini video qayd etish amaliyoti ham, menimcha, shu maqsadga xizmat qiladi. Kameraning oʻzi ham maʼlum maʼnoda nazorat.
Xodim har bir harakati qayd etilayotganini bilsa, qonun talablariga rioya qilish masʼuliyatini yanada chuqurroq his qiladi. Bu nafaqat tergov qilinayotgan shaxsning huquqlarini, balki halol ishlayotgan tergovchining oʻzini ham himoya qiladi.
Men doim bir narsani ustuvor deb bilganman: tergovchi gumonni qiynoq yoki bosim bilan «tan oldirishi» emas, uni dalillar bilan isbotlashi kerak. Chunki qiynoq orqali olingan har qanday «iqror» haqiqatning oʻzi boʻlmasligi mumkin. Haqiqat esa bosimdan emas, xolis tekshiruvdan, dalildan va qonunga asoslangan tergovdan kelib chiqadi. Shuning uchun mening qatʼiy ishonchim shu: qiynoq — tergovning yoʻli emas. Tergovchining haqiqiy quroli — bilim, tajriba, qonun va dalil boʻlishi kerak.
TERGOVCHINING ORTIDAGI INSON
Men avvalo tergovchi boʻlishni tanlayotgan yoshlarning ota-onalariga aytgan boʻlardim: agar farzandingizning tergovchi boʻlishiga turtki bergan, rozilik bildirgan va qoʻllab-quvvatlagan boʻlsangiz, uni oxirigacha qoʻllab-quvvatlang. Chunki tergovchilik oson kasb emas. Tergovchining ish vaqti aniq soat bilan belgilanmaydi. Masalan, kechki soat oltida hamma ishdan qaytgan paytda ushlangan shaxs boʻlsa, uning protsessual masalasini belgilangan muddatda hal qilish kerak. Jinoyat haqida ariza yoki xabar kelib tushganidan keyin ham qonun belgilangan muddat ichida qaror qabul qilishni talab qiladi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandan soʻng esa tergovni har tomonlama olib borib, muayyan muddatda xulosaga kelish zarur. Shuning uchun ishning muddati yaqinlashib qolgan boʻlsa, tergovchini eshikdan chiqarib yuborsangiz ham, u bir yoʻlini topib yana ish stoliga qaytib keladi. «Hali bitta ishim qoldi», deb oʻtirib oladi. Chunki uning zimmasida odamlarning taqdiri, hujjatlar, dalillar, muddatlar turibdi. Buni ota-onalar ham, rahbarlar ham tushunishi kerak. Xodimning ikki-uch kunlab kecha-yu kunduz ishlayotganini koʻrib turib, ishi tugaganidan keyin unga bir-ikki kun dam olish imkonini berish ham rahbarning vazifasi. Tergovchini faqat xizmat vazifasini bajaradigan xodim deb emas, oilasi, farzandlari, oʻz hayoti bor inson deb koʻrish kerak. Oilaning tushunishi va rahbarning toʻgʻri munosabati boʻlsa, tergovchi ham ishini, ham oilasini imkon qadar uygʻunlashtirib boradi.
Men yosh tergovchilarning ota-onalari bilan ham koʻp uchrashardim. Ular: «Bolam yaxshi ishlayapti, roʻzgʻorni ham tebratyapti», deb gapirishardi. Shunday paytlarda men ularga yana bir narsani tayinlardim: farzandingiz uyga biror qimmatbaho narsa, katta sovgʻa yoki imkoniyatiga mos kelmaydigan mol-dunyo bilan kelsa, avvalo: «Buni qayerdan olding?» deb soʻrang. Bu gapning zamirida yomon gumon emas, tarbiya bor. Tergovchiga xizmat davomida turli yoʻllar bilan taʼsir oʻtkazishga, uning koʻnglini olishga, oʻz ishini bitirishga harakat qiladigan odamlar uchraydi. Tergovchi ana shularga qarshi tura bilishi kerak.
OILAM — TAYANCHIM
Mening eng koʻp faxrlanadigan jihatlarimdan biri — ota-onam bilan birga yashaganim. Farzandlarimning tarbiyasida eng katta yordamchilarim, shubhasiz, otam va onam boʻlishdi. Shu jihatdan men oʻzimni boshqalarga nisbatan ancha omadli boʻlganman, deb hisoblayman. Chunki bobo va buvining mehri va tarbiyasida oʻsgan bola boshqacha boʻladi.
Turmush oʻrtogʻim ham yurist. U ham oʻz sohasida ishladi, uning ham bemalol ishlashiga, kasbiy faoliyatini davom ettirishiga ota-onam sharoit yaratib berishdi. Buni ham oilamiz uchun katta neʼmat deb bilaman.
Farzandlarim ham mening yoʻlimdan ketishdi. Ikki qizim va bir oʻgʻlim bor. Qizlarimning biri advokatura yoʻnalishini tanlagan, ikkinchisi bankning yuridik boʻlimida ishlaydi. Oʻgʻlim esa xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanib kelyapti. Shunday qilib, men tanlagan kasb nafaqat oʻz hayotimning, balki farzandlarimning ham kasbiy yoʻlini belgilab berdi. Bu, albatta, men uchun alohida faxr.
OTAMDAN QOLGAN ENG KATTA MEROS
Otam haqidagi xotiralarim juda koʻp. Uyda nechta xona boʻlsa, deyarli hammasida otamning kitob javonlari boʻlardi. Hatto balkonda ham kitoblar turardi. Javonlarda kitoblar bir emas, ikki qator qilib terilgan boʻlardi. Har bir kitob qayerda turganini otam juda yaxshi bilardi. Birorta kitob joyidan oʻzgarsa, darrov: «Qani, kim oldi?» deb soʻrardi. «Olsanglar mayli, faqat oʻqib boʻlgach, yana joyiga qoʻyib qoʻyinglar», derdi.
Otam qayerga borsalar ham, qaytishda mashinani kitobga toʻldirib kelardi. Yozuvchilar hazillashib: «Ozod domla bilan safarga borish ham muammo. Besh kishi mashinada yoʻlga chiqamiz, domla kitob olaverib, olaverib, oxiri bitta odam mashinaga sigʻmay qoladi», deb yozishganini ham eslayman. Oʻqish, izlanish, yozish, tarjima qilish — kundalik turmushlarining bir qismi edi.
TAJRIBADAN — TADQIQOTGA
2024-yilda Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etilganda, meni ham ishga taklif qilishdi. Bugun institutda jinoyatlarning barvaqt oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Bunda xalqaro tajriba, ilmiy tadqiqotlar, milliy qonunchilik, mavjud muammolar, mahalliy olimlarning qarashlari, xodimlar fikri va aholi soʻrovlari oʻrganilib, tahlillar asosida amaliy tavsiyalar tayyorlanadi. Masalan, Yaponiyada jinoyatchilik koʻpaygan hududlarda politsiya nazoratini kuchaytirish bilan birga, obodonlashtirish, yoritish, xiyobonlar va jamoat joylarini yaxshilashga ham eʼtibor qaratilgan. Bu muhitning ham jinoyatchilikka taʼsir qiluvchi omil ekanini koʻrsatadi.
Soʻnggi yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻplab choralar koʻrilgan va anʼanaviy jinoyatlar kamaygan. Biroq jinoyatchilik oʻzgarib bormoqda, ayniqsa, kiberjinoyatlar koʻpaymoqda. Shu bois zamonaviy texnologiyalarni yaxshi biladigan mutaxassislar va ixtisoslashgan tergovchilarni tayyorlash muhim.
Oʻz muxbirimiz Adolat Fayziyeva yozib oldi.
