Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bayram tadbiri tashkil qilindi
2026-10-02 10:40:00 / Yangiliklar

Taʼlim fidoyilari, faxriy ustozlar va xodimlar ishtirokida oʻtgan tadbirda akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, umrini jamiyat ravnaqiga bagʻishlangan professor-oʻqituvchilarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbirda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi eʼtirof etildi.
Oʻqituvchi va murabbiylarning mehnatini qadrlash, jamiyatdagi obroʻyini yuksaltirish, ularga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish Yangi Oʻzbekistonda eng ustuvor yoʻnalishga aylangani aytib oʻtildi.
– Har bir kasbning oʻz oʻrni bor, biroq oʻqituvchilik mamlakatning buguni va ertangi kunini belgilaydigan ulugʻ kasb, – dedi akademiya boshligʻi. – Sizlarning fidokorona va sharafli mehnatingiz tufayli maʼrifatli avlod shakllanadi, jamiyatning maʼnaviy salohiyati yuksaladi. Prezidentimiz ustozni eʼzozlash bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini eʼzozlashdir, deya bejiz aytmadilar.
Akademiya boshligʻi oʻquv muassasasi faoliyatida roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlarga ham toʻxtaldi.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan yoʻlga qoʻyilgan yangi tizim taʼlim jarayonlarini isloh qilish orqali ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Hozirgi islohotlar davrida professor-oʻqituvchilar yuksak pedagogik mahoratga ega boʻlishi, amaliyotga kirib kelayotgan yangiliklar, ayniqsa sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar boʻyicha zamonaviy bilimlardan xabardor boʻlishi, eng muhimi, taʼlim jarayonini innovatsion yondashuvlar asosida olib borishi zarurligi qayd etildi.
Tadbirda ilmiy-pedagogik faoliyatida yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh professor-oʻqituvchilarga idoraviy koʻkrak nishonlari, pedagogik toifalar, faxriy yorliq va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









