IIV Malaka oshirish institutida 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi
2026-10-01 09:00:00 / Yangiliklar

Unda institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar hamda soha faollari ishtirok etdi. Tadbirda taʼlim va tarbiya sohasida koʻp yillik samarali mehnat qilib, ichki ishlar organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash, ularning bilim va koʻnikmalarini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan oʻqituvchi va murabbiylarning fidokorona mehnati alohida eʼtirof etildi.
Tantanali marosimda faol va tashabbuskor ustozlarga Ichki ishlar vazirining 1-, 2-, 3-darajali “Benuqson xizmatlari uchun”, “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar hamda Institut boshligʻining tashakkurnomalari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida taʼlim jarayonida zamonaviy yondashuvlarni keng qoʻllab, tinglovchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan professor-oʻqituvchilarning mehnati ham alohida taʼkidlandi.
Ustozlarning ilmiy-uslubiy izlanishlari, boy tajribasi va kasbiy mahorati ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir doirasida institut jamoasi aʼzolariga ustozlik kasbining sharafi va masʼuliyati, yosh xodimlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda huquqiy madaniyat va yuksak maʼnaviy fazilatlarni shakllantirish borasidagi vazifalar xususida ham fikrlar bildirildi.
Tadbirning badiiy qismida Ichki ishlar vazirligining Alohida namunaviy koʻrgazmali orkestri hamda Respublika Estrada va sirk oliy maktabi jamoalari tomonidan namoyish etilgan musiqiy va sahnaviy chiqishlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Tadbir yakunida ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi, ayniqsa, yosh avlodni bilimli, vatanparvar va kasbga sadoqatli etib tarbiyalashdagi beqiyos oʻrni yana bir bor eʼtirof etildi.
IIV Malaka oshirish instituti









