Kinologiya. Iz izlab...
2026-09-30 16:25:00 / Yangiliklar

Jinoyat izlarni topish va gumonlanuvchilarni aniqlashda xizmat itlarining oʻrni beqiyos. Buni Yakkabogʻ tumanida sodir boʻlgan oʻgʻrilik jinoyatining fosh etilishi ham yana bir bor isbotladi.
Joriy yilning 16-iyun kuni tumanda yashovchi X.Toʻgʻayev “112” xizmatiga murojaat qilib, soat 12:00 dan 14:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida uyi oldida bogʻlab qoʻyilgan bir bosh sigiri oʻgʻirlab ketilganini maʼlum qildi.
Voqea joyiga yetib borgan tergov-tezkor guruhi tarkibida viloyat IIB Shimoli-sharqiy mintaqaviy hududi kinologiya guruhi kichik inspektor-kinologi, kichik serjant A.Alikulov “Simba” laqabli xizmat iti bilan ishtirok etdi. Tajribali kinolog va “Simba”ning iz qidirish mahorati tufayli tezkor-qidiruv tadbirlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Natijada jinoyatni Yakkabogʻ tumanida yashovchi S.Hamidov sodir etgani aniqlanib, undan oʻgʻirlangan chorva moli ashyoviy dalil sifatida olindi.
Joriy yilning oʻtgan davrida boʻlinmamiz xodimlari tomonidan bir qator tashkiliy va amaliy tadbirlar bajarildi. Xususan, jinoyatlarni qisqa muddatlarda fosh etish maqsadida kinologlar tergov-tezkor guruhlari tarkibida 512 marotaba voqea joylariga chiqib, 88 ta jinoyatning “issiq izi”da ochilishini taʼminladilar.
Ayni paytda boʻlinma tasarrufidagi 39 ta xizmat iti “Iz qidiruv”, “Giyohvandlik vositalarini aniqlash” va “Portlovchi moddalarni topish” kabi maxsus yoʻnalishlar boʻyicha muntazam tayyorgarlikdan oʻtkazilmoqda.
Sohada xizmat itlarini tayyorlash hamda kinologlarning kasbiy mahoratini oshirish borasidagi ishlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori talablari asosida yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda pitomnikda barcha zamonaviy talablarga javob beradigan volyerlar majmuasi, izolyator, apteka, tugʻuruqxona, maxsus oshxona hamda mashgʻulotlar va koʻrgazmali chiqishlar uchun maydonlar mavjud. Shuningdek, YPX maskanlarida tegishli meʼyoriy hujjatlar asosida “Kichik kinologiya markazlari” faoliyati tashkil etilgan.
Yaratilgan bunday sharoitlar va sohaviy xizmatlar bilan yaqin hamkorlik kinologlar hamda xizmat itlarining tayyorgarlik darajasini oshirib, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga munosib hissa qoʻshmoqda.
Zokir Normurodov, Qashqadaryo viloyati IIB JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasi boshligʻi, podpolkovnik
