Safar taassuroti. Koreya tajribasi: zamonaviy yondashuv asosida
2026-09-30 08:05:00 / Yangiliklar

Koreya Milliy sud-ekspertiza xizmati tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi xodimlarining salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan oʻquv kursida IIV Ekspert-kriminalistika boʻlinmalarining 15 nafar xodimi qatorida men ham ishtirok etdim.
Vonju shahridagi Koreya Milliy sud-ekspertiza xizmatida boʻlib sud-ekspertizasining bugungi holati, rivojlanish istiqbollari, tashkilotning maʼmuriy tuzilishi va ustuvor yoʻnalishlari haqida maʼruzalar tingladik. Bu yerda ilm-fan ekspertizasi, DNK, toksikologiya, oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirish, kimyoviy tahlil, raqamli ekspertiza va yoʻl-transport hodisalari ekspertizasi kabi yoʻnalishlarning bir tizimda rivojlantirilayotgani bizda katta taassurot qoldirdi. Nazariy mashgʻulotlar amaliy ekskursiyalar bilan uygʻun tashkil etildi.
DNK orqali shaxsni identifikatsiya qilish imkoniyatlariga doir mashgʻulotlar juda qiziqarli boʻldi. Darslarda DNK tahlilining rivojlanish bosqichlari, tahlil markerlari, namunalarni olish tartibi, qarindoshlikni aniqlash, nomaʼlum jasadlarni identifikatsiya qilish hamda DNK maʼlumotlar bazasidan foydalanish boʻyicha ilgʻor tajribalar koʻrsatildi.
Yana bir eng dolzarb yoʻnalishlardan biri raqamli dalillarni yigʻish, saqlash va tahlil qilish, video va audioyozuvlarni oʻrganish, ularni sertifikatlash jarayonlari bilan tanishdik. Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha tadqiqotlar, ovoz orqali sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash, video va tasvirlar sifatini oshirish kabi zamonaviy usullar boʻyicha qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldik. Jarayonda Cellebrite, GrayShift va MSAB kabi maxsus dasturiy vositalardan foydalanish amaliyoti bilan tanishib, kasbiy bilimlarimiz boyidi.
Oʻquv kursi yakunida Oʻzbekistonda yoʻl-transport hodisalari ekspertizasini rivojlantirish, raqamli kriminalistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda hodisa joylarini koʻzdan kechirish amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Taqdimotlar Koreya Milliy sud-ekspertiza xizmati va (KOICA) mutaxassislari tomonidan yuqori baholanib, tahlil va kelgusidagi hamkorlik dasturiga kiritish uchun qabul qilindi.
Koreya tajribasidan kelib chiqib, xususan, Sridge — barmoq izlari tasvirini sunʼiy intellekt asosida yaxshilash, K-VOM — ovozli firibgarlikni hamda “Argos” dipfeyk texnologiyalarini aniqlash imkonini beruvchi dasturlarni faoliyatimizda tatbiq etish, hamkasblarimiz bilan baham koʻrish imkoniyati mazkur xalqaro loyihaning eng muhim jihati boʻldi.
Alyona JUMAYEVA, Jizzax viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti, podpolkovnik.
