Sirdaryo viloyati hokimligida yettinchi chaqiriq xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 43-sessiyasi boʻlib oʻtdi
2026-09-30 01:50:00 / Yangiliklar

Sessiya kun tartibida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid turli muhim masalalar qatorida, viloyatdagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Alohida eʼtibor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash va profilaktika ishlarini kuchaytirishga qaratilgan qaror hamda topshiriqlarida belgilangan vazifalarning ijrosiga qaratildi.
Shu nuqtayi nazardan, jinoyatchilikka qarshi kurashish koʻlami va samaradorligini oshirish, hududlarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi, taʼsirchan mexanizmlarini hayotga tatbiq etishdek muhim va masʼuliyatli vazifalar yuklandi.
Sessiyada, xavfsiz muhitni taʼminlash, avvalo, har bir mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan ochiq va samimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida aniqlab, ularni bartaraf etishdan boshlanishi zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Bundan tashqari, shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlari rahbarlariga, profilaktik ishlarni formal tadbirlar doirasidan chiqarib, har bir xonadon, har bir oila va har bir fuqaroning hayotidagi muammolarga manzilli yondashuv asosida tashkil etish, murojaatlar ortida turgan asl sabab va omillarni chuqur tahlil qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.Jinoyat sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillarni har bir mahalla kesimida aniqlab, manzilli bartaraf etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek kun tartibidagi masala yuzasidan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sardor Mirzaraimov oʻz hisobotini oʻqib eshittirdi.
Sessiya yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar umumlashtirilib, viloyatda tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jamoat tartibini taʼminlash hamda aholi xavfsizligini oshirishga qaratilgan navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati








