Aholi murojaatlari davlat eʼtiborida
2026-09-28 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 27-sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi rahbariyati hamda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan navbatdagi sayyor qabullar oʻtkazildi.
Fuqarolarni Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — polkovnik Timur Ismailov, vazir oʻrinbosari — polkovnik Diyorbek Sattarov, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi — polkovnik Azizxon Umarxonov, shuningdek, vazirlik Tergov departamenti masʼullari hamda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi — polkovnik Ravshan Sultonxodjayev JAR sport kompleksida qabul qildilar.
Kunning birinchi yarmida Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisining murojaatlari koʻrib chiqilgan boʻlsa, soat 14:00 dan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar aholisi uchun onlayn muloqot tashkil etildi.
Qabullar davomida ichki ishlar organlari faoliyatiga doir turli yoʻnalishlardagi masalalar koʻrib chiqildi. Xususan, fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar, surishtiruv va tergov jarayonlarida uchrayotgan muammolar, ijtimoiy himoya, avvalgi ish joyiga qayta tiklanish, shuningdek, boshqa huquqiy masalalar boʻyicha murojaat va takliflar bildirildi.
Tadbir yakuniga koʻra, jami 457 ta murojaat roʻyxatga olindi. Ularning 164 tasi, yaʼni 36 foizi, qabul jarayonining oʻzida ijobiy hal etildi. Qolgan 293 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganishni talab qilganligi sababli nazoratga olinib, tegishli sohaviy xizmatlarga ijro uchun yoʻnaltirildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan oʻtkazilgan qabullar davomida ham 337 ta murojaat qabul qilindi. Shulardan 107 tasi, yaʼni 32 foizi, joyida hal etildi. Qolgan 230 ta murojaat qoʻshimcha tekshiruv va huquqiy baholash ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda koʻrib chiqishga yoʻnaltirildi.
Sayyor qabullar aholi bilan davlat organlari oʻrtasidagi ochiq va samarali muloqotni yanada mustahkamlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish, shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday uchrashuvlar fuqarolarning murojaatlarini bevosita eshitish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash hamda mavjud muammolarni joyida oʻrganishga xizmat qiladi.
Sayyor qabullar kelgusida ham mamlakatimizning barcha hududlarida muntazam ravishda davom ettiriladi.
IIV JXD Axborot xizmati







