Soha fidoyilari. Yoʻlda
2026-09-27 11:55:00 / Yangiliklar

Mayor Muhabbat Xidiraliyeva Xovosdagi tergov hibsxonasida mahkumalar bilan uchrashuv oʻtkazayotgandi. Ayollarning boshlari egik, koʻzlaridagi nur soʻnik. Uchrashuvda ayol, eng avvalo, ona ekanligi, uning jinoyat yoʻliga kirishi farzandlari kelajagi uchun ham juda katta zarba boʻlishi toʻgʻrisida soʻz ketardi.
Shu payt qisqa xabar kelib qoldi. Nastarinning isitmasi koʻtarilibdi. Jajjigina qizalogʻining tobi yoʻqligi toʻgʻrisidagi xabardan mayorning ichi yondi. U eridan bolani kasalxonaga olib borishni soʻradi. Tezda yetib borishini ham qoʻshib qoʻydi. Turmush oʻrtogʻi ham ichki ishlar xodimi boʻlgani uchun uni tushundi. Yigʻilish esa choʻzilib ketdi. Ayollar oʻz dardlarini aytishar, koʻmak soʻrashar, aksariyati oʻzlarining aybsizligini taʼkidlashardi. Muhabbat ularni sidqidildan eshitar, fikrlarini tahlil qilardi.
Oradan ikki soatlar oʻtgachgina boʻshadi. Chiqiboq qoʻngʻiroq qildi. Qizaloqqa muolaja qilingan, lekin isitmasi tushmayotgandi. Aksiga olib, temir yoʻl kesishmasida ancha turib qolishga toʻgʻri keldi. Uzundan-uzun uchta eshelon oʻtgachgina yoʻl ochildi. U haydovchidan tezroq haydashni iltimos qilarkan, Xovos bilan Guliston orasi odatdagidan koʻra uzoqlashib ketayotgandek tuyuldi.
Palata eshigini keskin ochiboq, bolasiga otildi. Nastarin uni koʻrib yigʻlab yubordi. Doktorlar esa ichki ishlar formasidagi ayolni tinchlantirib, tang vaziyat oʻtib ketganini, bola oʻziga kelganini tushuntirishdi. Shundagina oʻziga keldi.
Kasalxonada farzandi bilan tong ottirdi. Ertalab esa boshliq aloqaga chiqdi: «Tumanga yetib borishingiz kerak...» Rahbarning tashvishli ohangda gapirgani uchun Muhabbatning gapi ogʻzida qoldi. «Bolam kasal» deya olmadi. Axir u ham inson-ku, uning ham goh farzandi kasal boʻladi, gohida oʻzi ham turmush oʻrtogʻi, farzandlarini olib sayohatga chiqishni istaydi. Shu kasbni tanlayotganida ustozlari uni ogohlantirishgan, toʻy-hasham, oilaga vaqt ajrata olmasligini, sababi u endi el-yurt odamiga aylanishini, yurt tashvishini koʻtarish esa hamisha ogʻir boʻlishini qayta-qayta uqtirishgandi...
Sirdaryo viloyati IIB HPB boshligʻining oʻrinbosari vazifasiga oʻtkazishganidan keyin Muhabbat bormagan mahalla qolmadi hisob. Bugun esa Guliston davlat universitetida talaba yoshlar bilan uchrashuv bor. Talaba qizlar uchun ichki ishlar tizimida ishlash katta orzu. Boshqarmada rahbarlik vazifasida ishlaydigan ayol esa ularning qahramonidek gap. Muhabbatning erishgan yutuqlari, bosib oʻtayotgan yoʻliga nazar tashlash ular uchun qiziq.
Soʻz Muhabbat Xidiraliyevaga berilganida esa zal jonlanib qoldi. Muhabbat odatda gapni choʻzmasdi, shuning uchun ham uni barcha eshitardi. Bu safar uning gaplari barchani oʻylantirib qoʻydi. Afsuski, psixotrop moddalar hattoki ayrim oʻquvchi qizlarning sumkasidan topilgan. Buni qanday hazm qilish mumkin? Ota-ona bunga qanday yoʻl qoʻyib bergan? Oʻsmirlik davrida
hamma narsa qiziq tuyuladi. Bundan esa giyohvandlik vositalarini sotuvchi shaxslar foydalanishadi. Albatta, ichki ishlar xodimlari bunga qarshi qattiq kurash olib borishyapti. Lekin yoshlarning ong-u tafakkurini giyohvandlikka qarshi qurollantirmay turib, yetarlicha samaraga erishib boʻlmaydi. Hamma gap shunda. Shu soʻzlar bilan fikrini yakunlagan mayorni yoshlar olqishlashdi. Bu esa xodimaga katta kuch berdi, yanada ruhlantirdi.
Shunday paytlarda u oʻz kasbidan nihoyatda faxrlanib ketardi.
Nizoli oilani yarashtirish uchun Sardobaga borgan paytida, qaytishda mashina buzilib qoldi. Qahraton qish emasmi, barcha birpasda sovqotib qoldi. Muhabbat uyga telefon qilgan, olib ketish uchun turmush oʻrtogʻi kelayotgandi. Lekin oraliqda ellik chaqirim masofa bor. Ichki yoʻl boʻlgani uchun avtomobillar kam oʻtayotgandi. Bir soat vaqt bir kundek choʻzildi. Turmush oʻrtogʻi kelgach, oʻzlarining mashinasiga oʻtganida mayorni sovuq olgandi. Ertasiga isitmalab yotib qoldi. Sardobadan esa tinmay telefon boʻlardi. Bugun u sudda qatnashishi, er-xotinning yarashishiga koʻmaklashishi kerak edi. Kecha ular bilan shunga kelishishgandi. Borolmayotgani unga alam qilib ketdi. Tuman IIB XQMB inspektori esa hali yosh, endigina oliygohni tugatib ishga kelgani uchun tajribasiz edi. Telefon orqali undan ayolning manfaatlarini himoya qilishni soʻradi. Kun choshgohga oqqanda telefoni jiringladi. U boshlagan ish xayrli tugabdi. Oila yarashibdi, ona bilan ketgan uch nafar bola yana dadasi bilan birlashibdi. Bu xabarni eshitgan Muhabbat Xidiraliyeva «Xayriyat! Ishqilib bardavom boʻlsin!» deb yubordi.
Oʻzi bir ahvolda yotgan ayolning oʻzgalarning muammolaridan tashvishlanishi, ularning hayoti oʻnglanishidan quvonishiga shifokor ayol hayratlanib qarab turardi.
Abdurahmon Mustafoqulov, oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati
