Toshkent shahar IIBBda “Eng yaxshi psixolog” tanlovi oʻtkazildi
2026-09-27 11:30:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan psixologlarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish, ularning ilgʻor tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Eng yaxshi psixolog” tanlovi oʻtkazildi. Unda Toshkent shahar IIBBning hududiy boʻlinmalarida xizmat qilayotgan, mutaxassisligi boʻyicha psixologiya yoʻnalishida taʼlim olgan 12 nafar mutaxassis-psixolog ishtirok etdi.
Tanlovning dastlabki bosqichida ishtirokchilarning psixologiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan faoliyati, targʻibot-tashviqot ishlari, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan materiallari, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalari, shuningdek, trening, seminar, konferensiya va boshqa ommaviy tadbirlardagi ishtiroki baholandi. Shuningdek, ishtirokchilarning kasbiy mahorati va ijodiy yondashuvini namoyon etish maqsadida “Eng yaxshi psixolog” tanlovi uchun tayyorlangan tashrif qogʻozi videoroligi, psixologiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan gʻoyalar hamda ularni amaliyotga joriy etish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tanlovning keyingi bosqichida ishtirokchilarning kasbiy bilim darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlar va savol-javoblar oʻtkazilib, har bir ishtirokchining bilim va koʻnikmalari belgilangan mezonlar asosida baholandi. Yakuniy natijalarga koʻra, 1-oʻrinni — Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi, katta leytenant Botirjon Oʻtkurov, 2-oʻrinni — Yakkasaroy tumani IIO FMB psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi, kapitan Sayyora Qodirova, 3-oʻrinni — Yashnobod tumani IIO FMB psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi, leytenant Azizjon Rashidov egalladi. Tanlov gʻoliblari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining diplomlari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov ichki ishlar organlarida psixologik xizmat samaradorligini oshirish, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va ilgʻor tajribalarni ommalashtirishga xizmat qildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati




