Uchrashuv. Yoshlar qalbiga maʼrifat ulashib
2026-09-27 08:00:00 / Yangiliklar

Hayot koʻzgusi hisoblanmish — matbuot demokratik jamiyat qurishning eng taʼsirchan usullaridan biridir. Shu maʼnoda, ichki ishlar organlarining ijobiy imijini shakllantirish, aholi oʻrtasida soha xodimlarining obroʻsini yanada oshirish va tizimga nisbatan fuqarolar ishonchini mustahkamlash borasida «Postda-Ha nocmy-At the post» gazetasining xolis fikri ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xodimlarning yurt tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash borasidagi mashaqqatli faoliyati, quvonch va tashvishlari, ular erishgan yutuqlar, jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻlida jon fido qilgan mard oʻgʻlonlarning yorqin xotirasi, isteʼdodli xodimlarning ijod namunalari — bularning barchasi gazeta sahifalarida oʻz aksini topgan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
IIV 2-sonli akademik litseyida «Postda-Ha nocmy-At the post» gazetasi faoliyatiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda mazkur nashrning tarixi, uning ichki ishlar organlari hayotida tutgan oʻrni yana bir bor tilga olindi. Xususan, litsey direktori, polkovnik Rajabboy Otajonov tadbirni ochib berarkan «Postda-Ha nocmy-At the post» gazetasi salkam bir asrga yaqin vaqtdan buyon boy tarixiy tajriba va salohiyatiga tayangan holda, oʻz mushtariylarini tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan uzluksiz xabardor qilib, turli yot gʻoyalar va jamiyatdagi illatlardan ogoh boʻlishga daʼvat etib kelayotganini, yetakchi nashrlardan biri sifatida koʻp sonli oʻquvchilarining mehrini qozonayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, IIV Birlashgan tahririyati bosh muharrir oʻrinbosari, podpolkovnik Azizjon Fayziyev gazetaning shonli tarixi haqidagi chiqishlari, IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti masʼul xodimi, isteʼfodagi polkovnik Zikrilla Neʼmatov sheʼriy ijod namunalari hamda ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi podpolkovnik Shuhrat Roʻziyev yoshlarni falsafiy fikrlashga chorlovchi qaydlari bilan qatnashdi.
- Kitob mutolaa qilishga, gazeta va jurnallarni oʻqishga qiziqishim katta, -deydi litseyning 2-kurs oʻquvchisi Odina Usmonova. — Bugungi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir juda qiziqarli va taassurotlarga boy boʻldi. Ayniqsa, sevimli gazetamiz «Postda-Ha nocmy-At the post»ning shonli tarixi haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik.
Tadbir yakunida IIV Birlashgan tahririyati tomonidan oʻquvchilarga badiiy adabiyot toʻplamlari sovgʻa qilindi. Akademik litsey badiiy havaskorlar guruhi aʼzolari ishtirokidagi kuy-qoʻshiqlar esa tadbir ishtirokchilarini yanada xushnud etdi.
