IIV Jamoat xavfsizligi departamenti masʼul xodimlari tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi
2026-09-25 08:35:00 / Yangiliklar

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati masʼul xodimlari tomonidan Toshkent shahri Chilonzor tumanida fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul davomida oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mavjud muammolarni oʻrganish va ularni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, nizoli va muammoli oilalar bilan individual suhbatlar oʻtkazilib, oʻzaro kelishmovchiliklarni bartaraf etish, oila aʼzolarini yarashtirish hamda oilaviy munosabatlarni tiklash boʻyicha tegishli choralar koʻrildi.
Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanish xavfi mavjud boʻlgan holatlar atroflicha oʻrganilib, zaruratga koʻra himoya orderini rasmiylashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha amaliy choralar belgilandi.
Bunday sayyor qabullardan koʻzlangan asosiy maqsad — oiladagi muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va hal etish, nizolarning salbiy oqibatlarini oldini olish hamda oilalarda sogʻlom va osoyishta muhitni taʼminlashdan iborat.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati



