Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati Sayxunobod tumanida xizmat faoliyati va kriminogen vaziyatni oʻrgandi
2026-09-25 09:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sardor Mirzaraimov Sayxunobod tumanida boʻlib, hududda jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash hamda aholi farovonligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrgandi.
Dastlab tumanning “Ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻinidagi mahalla yettiligi faoliyati, shuningdek, profilaktika inspektorining aholi murojaatlari va alohida toifadagi shaxslar bilan ishlash borasidagi taqdimoti tinglanib, xizmat uyi koʻzdan kechirildi.
“Ittifoq” hamda “Turon” mahallalarida aholining farovonligini taʼminlash, fuqarolar murojaatlari bilan manzilli ishlash samaradorligi tanishilib, hududda istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning muammo va ehtiyojlari oʻrganildi.
Shundan soʻng tuman ichki ishlar boʻlimida xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari, xizmat faoliyatining tashkil etilishi hamda mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, boʻlim boshligʻining hududda jinoyatchilikning oldini olish va uni jilovlash borasida amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan taqdimoti tinglandi.
Oʻrganish yakunida tuman ichki ishlar boʻlimida yigʻilish oʻtkazilib masʼullarga aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish, ijro va xizmat intizomini mustahkamlash, hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati








