Aholi murojaatlari — doimiy eʼtiborda
2026-09-24 23:20:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tomonidan aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 24-sentyabr kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi. Unda fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bevosita oʻrganish, ularning murojaatlariga qonuniy yechim topish hamda mavjud masalalarni bartaraf etish choralarini belgilashga alohida eʼtibor qaratildi.
Qabul davomida 138 nafar fuqaroning 128 ta murojaati oʻrganildi. Ularning 68 tasi tergov va surishtiruv faoliyati, 25 tasi tergovga qadar tekshiruv jarayonlari, 11 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan, 24 tasi esa ichki ishlar organlari faoliyatiga oid boshqa masalalarni tashkil etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun qabul onlayn shaklda ham tashkil etildi. Xususan, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi fuqarolarning murojaatlari masofaviy tarzda qabul qilinib, masʼullar ishtirokida koʻrib chiqildi.
Shaxsiy qabul jarayonida Vazir oʻrinbosari, masʼul rahbar va xodimlar fuqarolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilib, ularni tashvishlantirayotgan masalalarni atroflicha oʻrgandilar. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda ichki ishlar organlari faoliyatining boshqa yoʻnalishlariga oid murojaatlar yuzasidan tegishli choralar belgilab olindi.
Har bir murojaatni qonun talablari asosida, xolisona va tezkor hal etish yuzasidan masʼul rahbar va xodimlarga aniq topshiriqlar berildi.
Qabul qilingan murojaatlarning 32 tasi, yaʼni 25 foizi shu joyning oʻzida ijobiy hal etildi. 34 ta murojaat, yaʼni 26 foizi boʻyicha fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan 62 ta murojaat, yaʼni 49 foizi ijroga yoʻnaltirilib, ularning belgilangan muddatlarda, qonuniy va xolisona koʻrib chiqilishi alohida nazoratga olindi.
Ichki ishlar vazirligi tizimida aholi bilan bunday ochiq va bevosita muloqotlarni tashkil etish, fuqarolarning muammolarini joyida oʻrganish hamda ularga amaliy yechim topishga qaratilgan shaxsiy va sayyor qabullar tizimli ravishda davom ettiriladi.








