Eʼtirof. Oniy lahzadagi jasorat
2026-09-24 00:15:00 / Yangiliklar

Oniy lahzadagi jasorat, kutilmagan hushyorlik va toʻgʻri qaror bir insonning taqdirini oʻzgartirishi mumkin. Yaqinda Forish tumanida sodir boʻlgan voqea bu haqiqatni yana bir bor isbotladi.
10-sentyabr kuni soat taxminan 15:00 lar atrofida 33-maktabning 3-sinf oʻquvchisi Azizbek Ergashev tuman markazining Amir Temur koʻchasidagi piyodalar oʻtish yoʻlagidan oʻtayotgan edi. Shu payt qarama-qarshi tomondan kelayotgan 1-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Shahzod Oʻtkirov qora rangli «Gentra» rusumli mashinaning yuqori tezlikda yaqinlashayotganini koʻrdi. Shahzod ikkilanib turmadi. U bolakayning qoʻlidan mahkam tutib, uni yoʻlning xavfsiz qismiga olib chiqdi. Bolakay nima boʻlganini anglab ham ulgurmadi. Videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, jamoatchilik yosh bolani falokatdan qutqarib qolgan oʻsmirni olqishlay boshladi.
Koʻpincha inson xavfli vaziyatga duch kelganda bir zum sarosimaga tushib qolishi mumkin. Shu bois Shahzodning harakatidagi eng eʼtiborli jihat — uning tezkor qaror qabul qilgani boʻldi. Aks holda, bunday ikkilanish juda qimmatga tushishi mumkin edi.
Shahzod Oʻtkirovning jasorati munosib eʼtirof etildi. Viloyat IIB JXX JTSB YHXB boshligʻi hamda Forish tumani hokimi u tahsil olayotgan maktabga tashrif buyurib, unga minnatdorlik bildirdi, munosib ragʻbatlantirdi. Bolakayning onasi ham koʻzda yosh bilan uni duo qildi.
Albatta, bu voqea har birimiz uchun saboq boʻlishi barobarida, qator savollarni tugʻdiradi. Farzandimiz maktabga ketayotganda uning xavfsizligi haqida oʻylayapmizmi? Haydovchi sifatida maktablar, bogʻchalar va piyodalar oʻtish yoʻlaklari yaqinida tezlikni pasaytiryapmizmi? Piyodalar oʻtish yoʻlagida inson borligini koʻrsak, unga yoʻl beryapmizmi? Farzandlarimizga yoʻlni qayerdan va qanday kesib oʻtishni yetarlicha tushuntiryapmizmi?
Mazkur voqea boʻyicha yoʻlda tezlikni oshirgan avtomobil haydovchisining shaxsi aniqlanib, unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi. Haydovchi esa tez harakatlanganiga sabab sifatida ukasining qoʻli sinib qolgani va uni zudlik bilan shifoxonaga olib ketayotganini bildirgan. Shu oʻrinda yana bir savol tugʻiladi: ukang — jigaring ekan, yoʻldagi boshqa bolalar ham kimningdir jigarbandi emasmi?!
Abattta, Forishdagi voqeaning ijobiy yakunlangani quvonarli. Ammo uning eng katta ahamiyati — bu holat bizga nimanidir yana bir bor eslatganida: yoʻl xavfsizligi faqat YHXB xodimlarining yoki haydovchilarning vazifasi emas, balki barchamizning umumiy masʼuliyatimizdir.
© “Postda” gazetasi, Muqaddas SAPAROVA, Jizzax viloyati.
