Yangi taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-09-23 16:50:00 / Yangiliklar

Unda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Diyorbek Sattorov, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti rektori Bahodir Ahmedov, akademiya boshligʻi Rustam Xatamov, shuningdek vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlari, taʼlim muassasalari mutasaddilari va professor-oʻqituvchilari hamda onlayn formatda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti vakillari qatnashdi.
Yigʻilishda vazirlik taʼlim muassasalari faoliyatiga joriy qilinayotgan yangicha yondashuvlar va istiqbolda kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, qaror bilan kadrlar tayyorlashning uzluksiz mexanizmini oʻz ichiga oluvchi zamonaviy taʼlim klasteri yaratilmoqda. Xususan, akademiyada “School” (maktab) tizimi yoʻlga qoʻyilib, oʻquv jarayonlari ilgʻor xorijiy va milliy tajribalar asosida tubdan takomillashtirib boriladi. Taʼlim va amaliyot uygʻunligini kuchaytirish maqsadida Ichki ishlar vazirligining departament (xizmat) boshliqlari maktablarga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, oʻqitishning kredit-modul tizimiga oʻtilib, dual taʼlim imkoniyatlari kengaytiriladi. Kursantlar birinchi kursdan boshlab sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlariga biriktirilib, nazariya va amaliyot uygʻunligi yanada kuchaytiriladi. Shu bilan birga, idoraviy texnikumlar va akademiyadagi taʼlim jarayonlari toʻliq integratsiya qilinadi.
Eʼtiborli jihati, endilikda taʼlimni raqamlashtirish, kursantlarning sunʼiy intellekt texnologiyalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish, shuningdek amaliyot xodimlarining kasbiy salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Mazkur yoʻnalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida akademiya boshligʻining raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi. Shu bilan birga, “Smart-reyting” platformasi joriy qilinib, professor-oʻqituvchilarning nufuzli milliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida muntazam stajirovka oʻtashi yoʻlga qoʻyiladi.
Yigʻilishda “Yangi Oʻzbekiston” universitetida yoʻlga qoʻyilgan eng ilgʻor yondashuvlar taqdimot qilindi. Oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish orqali innovatsion yutuqlarni oʻzlashtirish, zamonaviy tajribalarni ommalashtirish, xalqaro standartlar asosida oʻquv dasturlarini yangilash, tajriba almashinuvini izchil davom ettirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek taʼlim muassasalari rahbarlari va masʼullarga kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilish, taʼlim va amaliyot uzviyligini yanada kuchaytirish, professor-oʻqituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, boshqaruvning samarali mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish, moddiy-texnik bazani zamon talablari darajasida takomillashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida ichki ishlar vazirining akademiyada tashkil etilgan maktablarga rahbarlar tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi yetkazildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati









