IIV Akademiyasida olima ayollar ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuv kursant qizlarga katta motivatsiya berdi
2024-09-21 11:00:00 / Yangiliklar

Tadbirga “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati faoli Feruza Muhitdinova, “Oqila ayollar” harakati aʼzosi Matluba Qahhorova, malakali psixologlar Dildora Dadaxodjayeva va Nilufar Ergasheva taklif etildi.
Uchrashuv avvalida akademiya boshligʻining saf qismi boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Sherzod Tadjimetov soʻz olib, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qizlar taʼlim-tarbiyasiga ustuvor vazifalar qatorida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan tadbirda yangilanayotgan jamiyatimizda xotin-qizlarning oʻrni, qizlar taʼlim-tarbiyasidagi muhim jihatlar, milliy oʻzligimizga xos qadriyat va anʼanalar, yoshlar maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar, qizlarni oʻqitish, kasb-hunarli qilish va turmushga tayyorlash masalalari xususida soʻz bordi.
Oʻquv dargohimizda qizlar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Darsdan boʻsh vaqtimizda oʻquv kurslari tashkil qilingan boʻlib, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa hunarlarni oʻrganib kelayapmiz.
Maʼrifatparvar bobolarimiz “qizlar bilim olishga hammadan koʻproq intilishlari lozim”, deya bejiz aytishmagan, – deydi kunduzgi taʼlim 3-oʻquv kursi kursanti Sarvinoz Husanova.
Tadbirda soʻz olganlar bilim va hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashib, kursantlarga zarur maslahat hamda psixologik tavsiyalar berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati



