Poytaxtimizda giyohvandlikka qarshi kurashish oyligiga start berildi
2024-09-21 10:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tunu kun xizmat olib bormoqda. Ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy Gvardiya, prokuratura, sud idoralari tomonidan psixotrop moddalar, giyohvandlik va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin afsuski, bu turdagi jinoyat kamaygani yoʻq.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan giyohvandlikka qarshi olib borilgan chora-tadbirlar natijasida poytaxtda joriy yilning 8 oyi davomida aniqlangan bu turdagi jinoyatlar yuzasidan 1 992 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Tadbirlar natijasida 195 kg 765 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi.
Bu turdagi jinoyatlarga keskin kurashish maqsadida, 2024-yilning 20-sentyabr kunidan 20-oktyabr kuniga qadar Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi oʻtkaziladi.
Toshkent shahar IIBBda boʻlib oʻtgan yigʻilishda ushbu oylik doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar muhokama qilindi. Ushbu yigʻilishda poytaxt IIBB boshligʻi, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, Milliy Gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi, shahar prokuratura va sud rahbariyati, tuman IIO FMB rahbarlari va sohaviy xizmat masʼullari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqan poytaxt IIBB boshligʻi general-mayor Aziz Tashpulatov oylik doirasida tunu kun xizmat tashkil etilishi, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi hamda har bir xodim oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashishi lozimligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, oylik doirasida narkograffiti yozuvlarini oʻchirish, ushbu yozuvlarni chizib ketuvchi shaxslarni aniqlash va ularga chora koʻrish, giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi shaxslarni (“zakladchik“) hamda ularni olib ketuvchilarni aniqlash, har bir holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash vazifalari yuklatildi.
Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Siz ham ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishingizni soʻraymiz.
Giyohvandlik moddalari yoki kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shugʻullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror maʼlumotga ega boʻlsangiz, hududiy profilaktika inspektoriga, yaqin oradagi IIBga yoki @narko_murojaat telegram akkaunti orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati


