Sirdaryo tomonlarda. Yangi yondashuvlar va ilgʻor amaliyotlar
2026-09-22 23:00:00 / Yangiliklar

El-yurt tinchligi va farovonligi, eng avvalo, inson oʻz mahallasida, koʻchasida va xonadonida oʻzini qanchalik xavfsiz his qilishi bilan oʻlchanadi.
Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash strategiyasi tubdan qayta koʻrib chiqilib, huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Mazkur islohotlarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpoʻlatov boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatida boʻlib, hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikning oldini olish hamda sohaviy xizmatlar faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni oʻrgandi.
Sirdaryo tumanidagi “Kamolot” mahallasida mahalla yettiligining oʻzaro hamkorligi, xususan, profilaktika inspektorining muammoli toifadagi shaxslar bilan manzilli ishlash holati koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, tuman IIB Navbatchilik qismi faoliyati hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilindi. Har bir fuqaroning murojaatiga tezkor va samarali munosabat bildirish zarurligi taʼkidlandi.
Yangiyer shahridagi “Sunʼiy intellekt va kiber markaz” faoliyati bilan tanishuv jarayonida robototexnika xonalari koʻzdan kechirilib, yoshlarning kiberxavfsizlik boʻyicha bilimlarini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti tinglandi.
Shuningdek, oʻrganishlar davomida bir qator boshqa muhim obyektlar ham koʻzdan kechirildi.
Xususan, Xovos tumanidagi qurilish ishlari jadal olib borilayotgan 8-sonli tergov hibsxonasi hamda tuman IIBdagi sharoitlar oʻrganildi.
Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasida nuroniylar bilan ochiq muloqot qilinib, fuqarolik jamiyati institutlari va mahalla faollari bilan hamkorlikning ahamiyati yana bir bor qayd etildi.
Viloyat IIBda JTSB TVBSO uchun yangidan barpo etilayotgan maʼmuriy bino, “Dinamo” sport majmuasi hamda avtoturargohning moddiy-texnik bazasi koʻzdan kechirildi.
Viloyat IIBda oʻtkazilgan yigʻilishda soha rahbarlariga hududlardagi kriminogen vaziyatni yanada sogʻlomlashtirish, mavjud muammolarni kechiktirmasdan, manzilli hal etish hamda aholi osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Eng asosiysi, viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha “Sirdaryo tajribasi”ni yaratish hamda uni amaliyotga keng joriy etish yuzasidan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
© “Postda” gazetasi, Feruz Yoʻldoshov
