IIV 7536-harbiy qismda “Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi
2026-09-22 10:00:00 / Yangiliklar

Yuksak maʼnaviyat — Vatan himoyachisining qalqoni, bilim va kitob esa uning kuchli qurolidir. Ana shu ezgu maqsadlar yoʻlida 7536-harbiy qismda “Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi 10-son qarori hamda Ichki ishlar vazirining 2023-yil 11-martdagi 121-son buyrugʻi asosida tashkil etilgan tanlovda harbiy xizmatchilar bilim, mahorat va ijodiy yondashuv borasida oʻzaro bellashdilar. Tanlov jarayoni koʻtarinki ruhda kechdi.
Har bir ishtirokchi oʻz chiqishiga puxta tayyorgarlik koʻrganini namoyon etib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishdagi tajribasi, tashabbus va ijodiy gʻoyalarini taqdim etdi.
Ishtirokchilar kitobxonlikni targʻib qilish, yosh harbiy xizmatchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlar va tarixiy merosimizni keng targʻib etish borasidagi faoliyatlari haqida soʻz yuritdilar.
Oʻqilgan asarlar, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ibratli tarixiy voqealar haqidagi chiqishlar tadbirga alohida mazmun bagʻishladi.
Bellashuv davomida ishtirokchilarning notiqlik mahorati, mustaqil fikrlashi, mavzuni yoritish qobiliyati va tinglovchilar eʼtiborini jalb eta olishi yaqqol namoyon boʻldi.
Hayʼat aʼzolari tomonidan har bir chiqish mazmuni, yangicha yondashuv va amaliy ahamiyati asosida baholab borildi. Yakunda faol ishtirokchilar aniqlanib, munosib ragʻbatlantirildi.
Mazkur tanlov 7536-harbiy qismda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada takomillashtirish, kitobxonlikni rivojlantirish va harbiy xizmatchilarning maʼnaviy salohiyatini oshirishga xizmat qildi.







