Eʼtirof. Ishonch yulduzlari
2026-09-19 15:20:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimizda yurt tinchligi, jamoat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifani bajarishda xotin-qizlarning hissasi beqiyos. Ularning burchiga sadoqati, tashabbuskorligi va masʼuliyatli mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanmoqda. Ana shunday fidoyi va oʻz kasbining haqiqiy mutaxassislaridan biri — Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Dilnoza Redjabovadir. Qariyb yigirma yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib kelayotgan bu ayolning bosib oʻtgan yoʻli, erishgan yutuqlari va eng muhimi — yosh avlod qalbida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishdagi tinimsiz mehnati xodimlar uchun munosib ibrat maktabidir.
Dilnoza Redjabovaning faoliyati markazida aynan shu ezgu gʻoya — yoʻl harakati xavfsizligi targʻiboti, aholiga qoidalarni sodda, tushunarli yetkazish hamda yoshlarda xavfsiz harakatlanish koʻnikmalarini shakllantirish vazifasi mujassamlashgan. Uning yondashuvi quruq daʼvat yoki rasmiy topshiriqlar ijrosidan iborat boʻlmay, balki bolalar qalbiga yoʻl topa oladigan, qoidalarni amaliy va koʻrgazmali usulda oʻrgatuvchi loyihalar bilan ajralib turadi. Jumladan, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 441-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida yoʻlga qoʻyilgan maxsus dastur bunga yorqin misoldir. Kichkintoylar uchun oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar orqali ular koʻchada xavfsiz harakatlanish, piyodalar oʻtish joylaridan toʻgʻri foydalanish, svetofor ishoralari va yoʻl belgilariga amal qilishni qiziqarli va oʻyin tarzida oʻrganmoqdalar. Bolakaylarning ongida shakllangan bu oddiy koʻnikmalar kelajakda minglab koʻngilsizliklarning oldini olishi shubhasiz.
Dilnoza Redjabovaning tashkilotchilik va murabbiylik sohasidagi mehnatlari nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham yuksak eʼtirofga sazovor boʻlib kelmoqda. U bir necha yillar davomida oʻquvchi yoshlardan iborat yoʻl harakati xavfsizligi targʻibotchilari guruhini sabr-toqat va yuksak kasbiy mahorat bilan tarbiyalab keldi. Bu tinimsiz mehnatlar oʻz mahsulini berdi: vakillarimiz 2024-yilda Qirgʻiziston hamda 2025-yilda Tojikistonda oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarda faxrli 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, shu yilning avgust oyida Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan «Yosh yoʻl harakati inspektorlari» xalqaro musobaqasida mutlaq zafar quchib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdilar. Bu gʻalabalar ortida tunlarni kunga ulab qilingan mehnat, yoshlar qalbiga singdirilgan ishonch va yuksak vatanparvarlik tuygʻulari mujassamdir.
Koʻp yillik samarali va fidokorona xizmati, erishgan natijalari hamda oʻz xizmat vazifalariga boʻlgan yuksak masʼuliyati inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan Dilnoza Redjabova munosib ragʻbatlantirildi — unga «polkovnik» maxsus unvoni berildi. Bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki tizim tarixidagi muhim voqeadir: Dilnoza Redjabova Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ayol xodimlari orasida birinchi boʻlib polkovnik maxsus unvoniga erishdi. Bundan tashqari, u joriy yilda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xotin-qizlarining V Respublika forumi gʻoliblari qatoridan munosib oʻrin oldi.
- Muhtaram Prezidentimiz va vazirligimiz rahbariyati tomonidan bildirilgan bu yuksak ishonch va berilgan «polkovnik» unvoni zimmamdagi masʼuliyatni oʻn chandon oshiradi. Men bu eʼtiborni nafaqat shaxsiy mehnatimga, balki tizimda sidqidildan xizmat qilayotgan barcha xotin-qizlarimizga berilgan yuksak baho deb bilaman. Xalqimiz osoyishtaligi, yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlash va jajji farzandlarimiz ongida tartib-intizom madaniyatini shakllantirish yoʻlida kuch-gʻayratimni ayamayman, — deydi lavhamiz qahramoni.
Polkovnik Dilnoza Redjabovaning faoliyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir xodima uchun, ezgulik va burchga sadoqat bilan yashashni maqsad qilgan har bir ayol uchun chinakam ibrat namunasidir. Uning yoʻllarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, bolalar sogʻligʻi va hayotini asrashga qaratilgan ezgu ishlari — bugungi kunimiz tinchligi va kelajagimiz osoyishtaligi uchun qoʻshilayotgan bebaho hissadir. Yelkasidagi polkovniklik unvonining zarrin yulduzlari esa xalqimiz ishonchi va Vatanimizga boʻlgan cheksiz muhabbatning yorqin timsoli boʻlib porlayveradi.
Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant
