Sirdaryo viloyati. Hudud yanada xavfsiz, osuda boʻlsin
2026-09-18 23:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Sirdaryo viloyatining barcha hududlarini qamrab olgan muhim tadbir — “Xavfsiz Sirdaryo” profilaktik oyligi oʻtkazilmoqda. Viloyatning barcha huquq-tartibot organlari hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu oylik jamoat tartibi va xavfsizligini himoya qilish choralarini kuchaytirishga qaratilgan.
Eʼtiborlisi, profilaktik tadbirlar keng jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Tadbirda kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan mahallalarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil etish, nizoli oilalarni yarashtirish, probatsiya nazorati hamda yoʻl harakati xavfsizligi choralarini kuchaytirish, giyohvandlik, oʻgʻrilik, bezorilik, kiberfiribgarlik kabi jinoyatlarga qarshi kurashish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish rejalashtirilgan.
Oylik doirasida viloyatning bir qator hududlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Yangiyer shahrida oʻtkazilgan ana shunday oʻrganishda viloyat IIB boshligʻi va boshqa masʼul rahbarlar qatnashdi. Dastlab shahar mutasaddilari ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston” massividagi yettilik faoliyati, jinoyatchilik koʻrsatkichlari, shuningdek, kuzatuv kameralari bilan qamrab olinganlik darajasi hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash choralari koʻzdan kechirildi.
Oʻrganishlar davomida massiv Toshkent-Termiz avtomagistrali boʻyida joylashgani, yosh bolalar va piyodalar xavfsizligini yanada kuchaytirish zarurligi uqtirildi. Shuningdek, hududda zamonaviy kuzatuv kameralari sonini oshirish, ularni markazga integratsiya qilish choralari belgilandi.
Sardoba tumani “Doʻstlik” mahallasida oʻtkazilgan targʻibot tadbirining bosh mavzusi — oʻgʻrilik hamda kiberjinoyatchilikning oldini olish boʻldi. Yigʻilishda tuman hududida chorva mollari oʻgʻriligi bilan bogʻliq jinoyatlar ortib borayotgani taʼkidlandi. Buning asosiy sababi sifatida fuqarolarning oʻz mol-mulkini qarovsiz qoldirayotgani koʻrsatildi.
Profilaktik tadbirlarda viloyat IIB JXX JTSB xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan joylarda jamoat xavfsizligini saqlash choralari kuchaytirilib, aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borilyapti.
Jumladan, boshqarmaning PPX xodimlari tomonidan koʻchalar, xiyobonlar, dam olish maskanlari, savdo majmualarida oʻgʻrilik, tovlamachilik, kiberfiribgarlik jinoyatlarining kelib chiqish mohiyati, ularga qarshi kurashish choralariga bagʻishlangan turli suhbatlar oʻtkazilyapti. Aholiga bukletlar va boshqa targʻibot materiallari tarqatilyapti.
Viloyat IIB masʼul rahbarlari tomonidan Boyovut tumanining “Navroʻz” mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda oʻndan ortiq murojaatlar qabul qilindi.
Aholi bilan qilingan muloqot tezda oʻz samarasini berdi. Mahalladagi elektr, gaz, ichimlik suvi taʼminotiga oid ayrim muammolar bartaraf etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak koʻrsatildi. Bir necha yoshlarning oliy taʼlim olishga oid kontrakt toʻlovlari masalasi hal etildi.
Sayxunobodning “Baxmalsoy” mahallasida oʻtkazilgan tadbirda bir necha nizoli oila aʼzolari bilan uchrashilib, tuman IIB rahbariyati tomonidan mahalla nuroniylari, faollari ishtirokida oilalardagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi.
Viloyat IIB YHXB inspektorlari esa avtobekatlar, korxona va tashkilotlar, oʻquv maskanlarida yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etilishiga oid turli uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etmoqda. Yoʻlovchi tashish, moped va skuterlarda harakatlanish, piyodalar harakatini tartibga solish boʻyicha bir qancha nazorat reydlari oʻtkazildi.
© “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
