Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan profilaktika inspektorlari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
2026-09-18 11:00:00 / Yangiliklar

Respublikamizda ichki ishlar idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Joriy yilning 4-sentyabrida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-314-sonli Qarori bu yoʻldagi saʼy-harakatlarning uzviy davomidir.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kino sanʼati saroyida shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi ana shu — Ichki ishlar organlari faoliyatiga bagʻishlangan navbatdagi muhim hujjatning mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga yetkazishga qaratildi.
Unda tumanlar IIO FMB rahbariyati, HPB, IIB boshliqlari, profilaktika inspektorlari ishtirok etishdi.
Rahbar oʻz chiqishida poytaxt hududida Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi shaxsiy tarkibi tomonidan joriy yilning 8 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga toʻxtaldi.
Xususan, tumanlar kesimida huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali shahar hududida tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, xavfsiz shahar muhitini shakllantirish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganilib, tahlili natijasida aniqlangan kamchiliklar, yoʻl qoʻyilayotgan sustkashliklarga eʼtibor qaratildi.
Soʻngra Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan yuqorida qayd etilgan qarorning mazmun-mohiyatiga toʻxtalib, qarorda keltirilgan bandlar sharhlab oʻtildi.
Bandlarda koʻrsatilgan vazifalar, yuklangan vakolatlar Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati, profilaktika inspektorlaridan oʻzgacha yondashuv, masʼuliyat, javobgarlik kuchaytirilishini talab qilishi barobarida, oʻz bilim va malakalarini oshirish, oʻz ustida muntazam ishlash kabilarni taqozo qilishi koʻrsatib oʻtildi.
Uchrashuv soʻnggida xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib, fuqarolar eʼtirofini qozonib kelayotgan, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh profilaktika xizmati xodimlari ragʻbatlantirilib, xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashgan, xizmat intizomiga rioya qilmagan xodimlarga tegishli choralar koʻrildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









