Surxondaryoda jamoat xavfsizligini taʼminlash va kriminogen vaziyatni yaxshilash masalalari muhokama qilindi
2026-09-17 20:05:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan ishlar muhokama qilindi.
Denov tumanidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamda Termiz shahridagi Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida profilaktika inspektorlari ishtirokida oʻquv-seminar oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-sentyabrdagi PQ-314-son qarori mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar tushuntirildi.
Seminarda viloyat IIB boshligʻi Baxtiyor Inoqov ishtirok etib, profilaktika inspektorlarining vakolat va masʼuliyatini kuchaytirish, ular faoliyatini aholi ishonchi va hududdagi xavfsizlik holati asosida baholash, ortiqcha vazifalardan ozod qilish hamda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, viloyat IIB boshligʻi huzurida Denov va Oltinsoy tumanlaridagi kriminogen vaziyat tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Tuman hokimlari, masʼul rahbarlar va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida jamoat tartibi, yoʻl harakati xavfsizligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, videokuzatuv kameralari qamrovini kengaytirish, tungi xizmatni samarali tashkil etish hamda aholi murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish masalalari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, PQ-1 va PQ-2-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, jinoyatchilikning oldini olish va hududlarda xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Oʻquv-seminar yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashishda faollik koʻrsatgan bir guruh profilaktika inspektorlari “Tashakkurnoma” va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









