Poytaxtda xavfsiz muhitni mustahkamlash yoʻlida tizimli yondashuv: Mirobod tumanida Qoʻriqlash departamenti boshligʻi rahbarligida kompleks amaliy ishlar davom ettirilmoqda
2026-09-17 10:15:00 / Yangiliklar

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti boshligʻi, polkovnik Qobil Shodibekov Toshkent shahrining Mirobod tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, «raqamli xavfsiz muhit»ni shakllantirish hamda fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oʻrganishlar davomida avval berilgan topshiriqlarning ijrosi, amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi va hududdagi mavjud vaziyat tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, ishlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Xususan, Furqat bogʻi va unga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, videokuzatuv va boshqa zamonaviy texnik vositalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash hamda ularga tezkor munosabat bildirish tizimi oʻrganildi.
Hududda «Xavfsiz koʻcha – xavfsiz yoʻlak» tamoyili asosida aholi gavjum joylar, koʻchalar va piyodalar harakatlanadigan yoʻnalishlarni zamonaviy kuzatuv kameralari hamda tashvish tugmalari bilan qamrab olish, ularni yagona boshqaruv va tezkor chora koʻrish tizimiga integratsiya qilish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Fitrat mahallasida profilaktika inspektorining kunlik faoliyati, hududdagi kriminogen vaziyatni tahlil qilish, muammolarni manzilli aniqlash va profilaktik choralarning amaliy natijadorligi koʻrib chiqildi. Har bir huquqbuzarlikning sabab va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, xavf omillarini oldindan aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, tumandagi 158-sonli umumtaʼlim maktabida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan ishlar oʻrganildi. Xususan, maktab hududini qoʻriqlash, favqulodda va shubhali holatlarda tezkor harakat qilish masalalariga eʼtibor qaratildi. Maktabning tungi qorovuli bilan yoʻriqnoma oʻtkazilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda harakat qilish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining maktab xavfsizligini taʼminlashdagi harakatlari oʻrganilib, ularning chaqiruv va xavfli vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor chora koʻrishga tayyorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari uchun munosib xizmat va maishiy sharoitlar yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Profilaktika inspektori uchun barpo etilayotgan xizmat uyidagi qurilish-taʼmirlash ishlarining holati koʻzdan kechirilib, obyektni sifatli yakunlash, zarur infratuzilma va qulay shart-sharoitlarni toʻliq yaratish boʻyicha mutasaddilarga tegishli vazifalar belgilandi.
Yakunda hududda xavfsizlikni taʼminlash ishlarini raqamli texnologiyalar, manzilli profilaktika va tezkor boshqaruv mexanizmlari bilan uygʻunlashtirish, aholi uchun xavfsiz muhitni mahalladan boshlab har bir koʻcha va yoʻlak kesimida taʼminlash asosiy mezon boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.








