IIV rahbariyati tomonidan Mirobod tumanida xavfsizlik va osoyishtalikni taʼminlash borasida yangi vazifalar belgilandi
2026-09-15 09:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 16-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzarahimov ishtirokida Mirobod tumani boʻyicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda tuman hududida 2026-yilning 8 oyi davomida tezkor-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Tadbir davomida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, faoliyatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi. Ayniqsa, jinoyatlarning oldini olish, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan manzilli ishlash, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda har bir xodimdan xizmat vazifalariga masʼuliyat bilan yondashish, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlashda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish talab etildi.
Shuningdek, mahallalarda aholi bilan yaqin muloqotni yoʻlga qoʻyish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon beruvchi omillarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir hudud va yoʻnalish kesimida masʼuliyatni oshirish hamda tumanda tinchlik-osoyishtalik va jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash yuzasidan tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Bunday tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad — Mirobod tumanida barqaror va xavfsiz muhitni taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi osoyishtaligini asrash hamda ichki ishlar organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini yanada kuchaytirishdan iborat.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



