Jinoyatchilik profilaktikasida manzilli yondashuv: Sirdaryo viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlashning ilgʻor tajribasi
2026-09-15 09:00:00 / Yangiliklar

Jamiyat tinchligi, avvalo, inson oʻz mahallasi, koʻchasi va xonadonida oʻzini qanchalik xavfsiz his qilishi bilan oʻlchanadi. Shu bois bugun jamoat xavfsizligini taʼminlashda jinoyat sodir etilgandan keyin chora koʻrish emas, balki uni keltirib chiqaruvchi omillarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Davlatimiz rahbarining jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va ichki ishlar organlari faoliyatini aholiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan soʻnggi qaror va farmonlarida ham ana shu yondashuv ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchiligidagi ishchi guruhning Sirdaryo viloyatida oʻrganishlari davomida hududda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ana shu talablar asosida tahlil qilindi.
Oʻrganishlar Sirdaryo tumanidagi “Kamolot” mahallasidan boshlandi. Bu yerda mahalla yettiligining oʻzaro hamkorligi, profilaktika inspektorining jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, muammoli toifadagi shaxslar bilan manzilli ishlash holati koʻzdan kechirildi.
Bugungi kunda, mahalla jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng quyi boʻgʻini emas, balki profilaktikaning asosiy maydoniga aylanmoqda. Muammoni uning ilk belgilari namoyon boʻlgan paytda aniqlash, oilaviy va ijtimoiy masalalarni oʻz vaqtida hal etish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan individual ishlash — jinoyatchilikni jilovlashning eng samarali usullaridan biridir. Bu borada masʼullarga profilaktika mazmunini tubdan oʻzgartirish, koʻproq huquqbuzarlik aniqlash emas, balki ularning sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Tuman Ichki ishlar boshqarmasida xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari, navbatchilik qismining faoliyati va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati ham oʻrganildi. Chunki aholi xavfsizligini taʼminlashda fuqaroning ichki ishlar organiga qilgan murojaatiga tezkor va samarali munosabat bildirish muhim ahamiyatga ega. Har bir murojaat hududdagi muammo yoki xavfni koʻrsatuvchi muhim signal sifatida qaralishi kerak.
Tadbir davomida Yangiyer shahridagi “Sunʼiy intellekt va kiber markaz”da robototexnika xonalari koʻzdan kechirilib, kiberxavfsizlik yoʻnalishidagi loyihalar taqdimoti tinglandi.
Bu yoʻnalish bugungi jamoat xavfsizligi tushunchasining mazmuni kengayib borayotganini koʻrsatadi. Raqamli texnologiyalar rivojlangan sari kibermakondagi tahdidlarga qarshi kurashish, fuqarolarni raqamli xavflardan himoya qilish va yoshlarning kiberxavfsizlik boʻyicha bilimlarini oshirish ham ichki ishlar organlarining muhim vazifalari qatoriga kirmoqda.
Xovos tumanida barpo etilayotgan 8-son tergov hibsxonasidagi qurilish ishlari, tuman ichki ishlar boʻlimida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar ham koʻzdan kechirildi. Hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan masʼullarning axboroti tinglandi.
Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasida mahalla yettiligining hamkorlikdagi faoliyati bilan tanishilib, nuroniylar bilan muloqot qilindi. Bu esa jamoat xavfsizligini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlari, mahalla faollari va ichki ishlar organlari oʻrtasidagi hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor koʻrsatadi.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasida tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryad uchun barpo etilayotgan maʼmuriy bino, yangidan qurilayotgan “Dinamo” sport majmuasi hamda avtoturargohdagi moddiy-texnik baza va mavjud imkoniyatlar bilan tanishildi.
Zamonaviy jamoat xavfsizligi tizimi nafaqat yangi yondashuvlar, balki munosib xizmat sharoiti, zamonaviy infratuzilma, texnik imkoniyatlar va professional kadrni ham talab etadi. Xodimning xizmat vazifasini samarali bajarishi uchun yaratilgan sharoit, oʻz navbatida, aholi xavfsizligiga xizmat qiladi.
Oʻrganishlar yakunida viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati va sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, jinoyatchilikning oldini olish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish va aholining tinch-osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Masʼullarga hududlardagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, mavjud muammolarni manzilli hal etish, profilaktik ishlarni kuchaytirish va xizmat faoliyati samaradorligini oshirish hamda bu borada Sirdaryo tajribasini yaratish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.









