Toʻmaris izdoshlari. Dilfuzaning hayot qoidasi
2026-09-13 12:30:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar nafaqat oʻz vazifasini sidqidildan bajarmoqda, balki sport sohasida yuksak natijalarga erishmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV TVBSO mutaxassis-feldsheri, serjant Dilfuza Ayimbetova shunday shijoatli xodimlardan biridir.
Oilaning kenjatoyi boʻlib ulgʻaygan Dilfuza tabiatan epchil, xushchaqchaq va qatʼiyatli edi. Katta opasi Ulmekenning izidan borib, sportning erkin kurash turiga mehr qoʻydi. Murabbiyi Aynura Japaqovaning oʻgit va koʻrsatmalarini qunt bilan bajargan Dilfuzaning dastlabki qadamlariyoq yuqori natijalar bera boshladi. Nukus olimpiya kolleji hamda Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining Jismoniy tarbiya fakultetidagi tahsil yillari esa u uchun chinakam mahorat maktabiga aylandi. Bu davrda u avval Qoraqalpogʻiston, keyinchalik esa mamlakat miqyosidagi nufuzli musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritib, tengdoshlariga oʻrnak boʻldi.
Oliy taʼlim muassasasining soʻnggi bosqichida oʻqib yurgan kezlarida Dilfuza akasi Niyazimbet kabi ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilishni ahd qildi. Bu niyat uni 2023-yilda Toshkent shahridagi Serjantlar tayyorlash oliy maktabiga yetakladi. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagach, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV TVBSOda xizmat faoliyatini boshladi.
Kasbiy faoliyatni va sportni birdek olib borayotgan matonatli qiz erkin kurash boʻyicha 15 karra Qoraqalpogʻiston, 10 karra Oʻzbekiston chempioni hisoblanadi. Qolaversa, Islom birdamlik oʻyinlari, BRIKS musobaqasi hamda Oʻrta Osiyo oʻyinlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari oʻrtasida oʻtkaziladigan sport musobaqalarida ham Dilfuza Ayimbetova doimo faol. Xususan, 2025-yilda Toshkent viloyatida oʻtkazilgan nufuzli «Toʻmaris izdoshlari» musobaqasida u jamoaviy tarkibda faxrli 2-oʻrinni egalladi.
- Sport insonni nafaqat jismonan sogʻlom boʻlishga, balki murakkab vaziyatlarda sabr-bardoshli, intizomli va qatʼiyatli boʻlishga oʻrgatadi. Ana shu hayotiy tamoyillar kundalik xizmatimiz bilan uygʻunlashsa, aholining haqiqiy ishonchiga erishish mumkin. Men doimo shu qoidaga amal qilishga intilaman, — deydi qahramonimiz suhbat soʻngida.
Dilfuza Ayimbetova singari shijoatli, oʻz kasbi va Vataniga sodiq qizlarning borligi yurtimiz tinchligi hamda kelajagimiz ishonchli qoʻllarda ekanidan dalolat beradi.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
