Jismoniy shaylik va sogʻlom turmush tarzi — xizmat samaradorligining muhim omili
2026-09-12 21:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy shayligi, chidamliligi va kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida muntazam ravishda sport tadbirlari va jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari tashkil etib kelinmoqda.
Ushbu sport tadbirlarida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov ham bevosita ishtirok etmoqda.
Soʻnggi 10-yilda ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlik yoʻnalishi izchil takomillashtirilib, xodimlarning murakkab vaziyatlarda tezkor va toʻgʻri qaror qabul qilishi, chidamliligi hamda kasbiy mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
2023-yildan ushbu yoʻnalishda yagona boshqaruv, zamonaviy metodikalar va KPI asosida baholash tizimi joriy etildi. Bugungi kunda jismoniy va jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari respublika boʻyicha 900 dan obyektda muntazam tashkil etilmoqda. Tayyorlov jarayonining “E-Davomat” tizimi orqali raqamli nazoratga oʻtkazilishi esa mashgʻulotlarning tizimliligi va samaradorligini yanada oshirdi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar ichki ishlar organlari, shuningdek, tizimning barcha boʻlinmalarida xodimlarning jismoniy shayligini mustahkamlashga qaratilgan sport mashgʻulotlari haftaning belgilangan kunlarida muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi xalqaro sport maydonlarida ham oʻz ifodasini topmoqda. Parij–2024 Olimpiadasida 9 nafar xodim-sportchi 3 ta medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2026-yilning oʻzida 130 ta sovrinli oʻrin qayd etildi.
Natijada jismoniy tayyorgarlik oddiy meʼyorlarni bajarishdan xodimning kasbiy mahorati va xizmatga shayligini shakllantiruvchi muhim tizim darajasiga koʻtarilmoqda.








