Fidokorona xizmat Davlat rahbari tomonidan munosib eʼtirof etildi
2026-09-11 23:00:00 / Yangiliklar

Huquqni muhofaza qilish tizimida mehnat qilayotgan xotin-qizlar yurt tinchligi, jamoat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ularning kasbiga sadoqati, tashabbuskorligi va masʼuliyatli mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, ularga muhim vazifalar ishonib topshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tizimida qariyb 20-yildan buyon xizmat qilib kelayotgan Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi podpolkovnik Dilnoza Redjabova oʻzining kasbiy mahorati va masʼuliyatli yondashuvi bilan alohida eʼtirofga sazovor boʻlib kelmoqda.
Uning faoliyatida yoʻl harakati xavfsizligi targʻiboti, aholiga qoidalarni tushunarli yetkazish va yoshlarda xavfsiz harakatlanish koʻnikmalarini shakllantirish muhim oʻrin tutadi. Shu maqsadda bolalarga yoʻl harakati qoidalarini amaliy va koʻrgazmali usulda oʻrgatishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bir necha yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi oʻquvchi yoshlardan iborat yoʻl harakati xavfsizligi targʻibotchilari guruhini tarbiyalab, 2024-yilda Qirgʻiziston hamda 2025-yilda Tojikistonda oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarda faxrli II oʻrinlarni, 2026-yilning avgust oyida esa Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan “Yosh yoʻl harakati inspektorlari” xalqaro musobaqasida I oʻrinni egallashga erishgan.
Shuningdek, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 441-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalar uchun maxsus dastur asosida mashgʻulotlar oʻtkazilib, ularga koʻchada xavfsiz harakatlanish, piyodalar oʻtish joylaridan foydalanish, svetofor ishoralari va yoʻl belgilariga amal qilish qoidalari qiziqarli shaklda taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Koʻp yillik samarali xizmati, erishgan natijalari va xizmat vazifalariga masʼuliyatli yondashuvi inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan Dilnoza Redjabova ragʻbatlantirildi hamda unga “polkovnik” maxsus unvoni berildi.
Ichki ishlar vaziri boshchiligida oʻtkazilgan tadbirda unga mazkur unvon tantanali ravishda topshirildi.
Polkovnik Dilnoza Redjabovaning faoliyati, xususan, yoʻl harakati xavfsizligi targʻiboti va bolalar oʻrtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga qoʻshayotgan hissasi ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning kasbiy faoliyatiga munosib misoldir.
