Yuksak mukofot sohiblari. Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman!
2026-09-11 16:10:00 / Yangiliklar

Osoyishtalikni taʼminlash, insonlar xavfsizligini asrash va huquq-tartibotni mustahkamlash masʼuliyati har bir ichki ishlar xodimidan sadoqat va matonatni talab etadi. Bu yoʻlda yillar davomida sidqidildan xizmat qilib, kasbiga va burchiga sodiq qolgan xodimlar mehnati munosib eʼtirof etilmoqda.
Davlatobod tumani IIB JXX JTSB Patrul-post xizmati boʻlinma komandiri, safdor Kamoliddin Rahimov ham ana shunday fidoyi xodimlardan.
Kamoliddin xizmat vazifalariga masʼuliyat bilan yondashadi. Berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishi, kasbiy mahorati bilan hamkasblari oʻrtasida ibrat koʻrsatmoqda. Ayniqsa, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va tezkor-profilaktik tadbirlardagi faol ishtiroki eʼtiborga loyiq. U oʻz tajribasini yosh xodimlarga oʻrgatib, «Ustoz-shogird» anʼanalarini davom ettirib kelmoqda, — deydi tuman IIB boshligʻi, podpolkovnik O. Xoʻjaqulov.
2007-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan K.Rahimov ikki yildirki, Davlatobod tumani IIBda boʻlinma komandiri sifatida faoliyat yuritib, shaxsiy tarkib xizmatiga rahbarlik qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish vazifalarini bajarmoqda.
Joriy yilda boʻlinma shaxsiy tarkibi bilan hamkorlikda qidiruvda boʻlgan 2 nafar shaxs ushlandi, 3 ta ochilmagan oʻgʻrilik jinoyati fosh etildi, narkotik moddalar muomalasi bilan bogʻliq 2 ta jinoyat aniqlandi, 1100 dan ortiq maʼmuriy huquqbuzarliklar fosh etildi.
Safdor Kamoliddin Rahimov uchun jamoada intizomni taʼminlash, xodimlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash va har qanday vaziyatda toʻgʻri qaror qabul qilish muhim mezonlardan. Ana shu mezonlarga ogʻishmay amal qilgan qahramonimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʻra, «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
- Xizmatda hushyorlik, intizom va jamoaviy hamjihatlikni birinchi oʻringa qoʻyamiz. Mukofot men uchun katta sharaf, ayni paytda, zimmamdagi masʼuliyatni yanada chuqurroq his etishga undaydi, — deydi u.
Har bir kasbning oʻz sharafi bor. Ichki ishlar xodimi uchun bu sharaf — odamlar ishonchini oqlashda namoyon boʻladi. Kamoliddinning xizmat yoʻli ham ana shu ishonchni asrash, berilgan vazifani sidqidildan bajarish va jamoat osoyishtaligiga daxldorlik tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan.
Jahongir Toʻxtasinov, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati
