Surxondaryoda inson huquqlarini taʼminlash va tibbiy-profilaktik choralar samaradorligi oʻrganilmoqda
2026-09-11 11:50:00 / Yangiliklar

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Baxriddin Valiyev rahbarligidagi Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi va ishchi guruhi aʼzolari tomonidan Prezidentning 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-son va PQ-2-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyatida oʻrganishlar davom etmoqda.
Oʻrganishlar doirasida, avvalo, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, qonunchilik talablariga soʻzsiz rioya etilishini nazorat qilish, fuqarolar uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, tibbiy-profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Termiz shahrida joylashgan tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar, ayniqsa, ayollar va voyaga yetmaganlar uchun yaratilgan sharoitlar atroflicha oʻrganildi. Ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, tibbiy xizmat koʻrsatish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, yashash sharoitlari hamda tergov harakatlari jarayonida qonunchilik talablariga amal qilinishi holati tahlil qilindi.
Tashrif davomida ishchi guruhi aʼzolari tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan bevosita muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni oʻrgandilar. Suhbatlar davomida yashash sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, tergov jarayoni, qarovsiz qolgan voyaga yetmagan farzandlariga vasiy belgilash va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Har bir murojaat yuzasidan qonuniy yechimlarni ishlab chiqish va ularni belgilangan tartibda koʻrib chiqish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, tergov hibsxonasida saqlanayotgan ayollarning salomatligini mustahkamlash maqsadida ularni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tashkil etildi.
Shu bilan birga, Termiz shahridagi viloyat tibbiyot klasterda dispanser hisobida turgan bemorlarning oila aʼzolari hamda tibbiyot xodimlari ishtirokida oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
Unda mazkur toifadagi bemorlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularga dori-darmonlarni oʻz vaqtida berish, parvarishlash, shuningdek, uy sharoitida bemorlar bilan toʻgʻri muloqot qilish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, bemorlarni belgilangan tartibda majburiy davolashga yuborish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Bemorlarning yaqin qarindoshlari murojaatlari, ularni davolash uchun ajratilgan dori vositalarining yetarliligi ham oʻrganildi.
Oʻrganishlar yakuni boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, inson huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda tibbiy-profilaktik ishlarni yanada samarali tashkil etish yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi va ishchi guruhining Surxondaryo viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.
Surxondare viloyati IIB Axborot xizmati









