Toshkent shahri tumanlarida tungi xizmat faoliyati samaradorligi oʻrganildi
2026-09-11 10:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Rustam Mirzayev hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi mas'ullari tomonidan Toshkent shahrining Chilonzor, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanlarida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning xizmat faoliyati oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida patrul-post va jamoat tartibini saqlash yoʻnalishida xizmat olib borayotgan xodimlarning belgilangan vazifalarni qay darajada bajarayotgani, xizmat intizomi va qonuniylik talablariga rioya etishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tungi vaqtda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish, shubhali holatlarga oʻz vaqtida munosabat bildirish hamda xizmatga jalb etilgan xodimlarning hushyorligi va masʼuliyati nazorat qilindi. Xodimlarning xizmatga tayyorgarligi, xizmat kiyimi va zarur jihozlar bilan taʼminlanganligi, berilgan topshiriqlarning ijrosi hamda fuqarolar bilan muloqot madaniyati boʻyicha tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tungi xizmat samaradorligini yanada oshirish, xizmat intizomi va ichki nazoratni kuchaytirish yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, xodimlarning korrupsiyaga qarshi immunitetini mustahkamlash, xizmat vakolatlaridan foydalanishda qonuniylik va halollik tamoyillariga qatʼiy rioya etish, aholi osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash borasidagi masʼuliyatini oshirish muhimligi taʼkidlandi.



