Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan “qizil” toifadagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda
2026-09-10 09:00:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan viloyatdagi 65 ta “qizil” toifadagi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatlarni barvaqt oldini olishga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlar “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan.
Ushbu topshiriq ijrosi doirasida Qarshi shahridagi “qizil” toifadagi “Cholquvar” mahallasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan “Ish rejasi” ishlab chiqildi.
Mazkur jarayonni shaxsan nazorat qilish maqsadida Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov mahallaga tashrif buyurib, mahalla yettiligi, profilaktika inspektorlari va soha masʼullari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hududdagi kriminogen vaziyat tanqidiy tahlil qilinib, masʼullarga tegishli xizmat yoʻriqnomalari va topshiriqlar berildi.
Mazkur reja asosida Qarshi shahridagi “qizil” toifadagi mahallalarga 120 nafar xodim jalb etilib, hududlarda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks ishlar tashkil etildi.
Tahlillarga koʻra, joriy yilning 8 oyi davomida Qarshi shahrida 2 ming 56 ta murojaat qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Cholquvar mahallasida 8–18-sentyabr kunlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kompleks profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Mahalladagi 66 ta koʻp qavatli uy xatlovdan oʻtkazilib, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar va oilalar alohida oʻrganilmoqda.
Profilaktika ishlariga qoʻshimcha kuchlar jalb etilib, ularning faoliyati muntazam tahlil qilib borilishi belgilandi.
Shuningdek, aholi gavjum boʻladigan hududlarda piyoda va moto-patrullar hamda tezkor harakatlanuvchi guruhlar xizmat olib borishi yoʻlga qoʻyiladi. Mehmonxonalar, savdo doʻkonlari, kafe va barlar hamda boshqa obyektlarda xavfsizlik va qoʻriqlash tizimi qayta koʻrib chiqiladi.
Tungi vaqtlarda aylanma yoʻllarda avto-reyd tadbirlari muntazam tashkil etilishi, zarur obyektlarga “Tashvish SOS” tugmalari oʻrnatilishi boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, mahallada oʻrnatilgan 187 ta videokuzatuv kamerasi qayta xatlovdan oʻtkazilib, nosozlari taʼmirlanadi, zarur nuqtalarga qoʻshimcha kameralar oʻrnatiladi.
Asosiy maqsad — “qizil” toifadagi hududlarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati





