Jinoyatchilikka qarshi kurashish: natija, masʼuliyat va aniq vazifalar
2026-09-10 08:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligida joriy yilning 8 oyi davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, aholi bilan manzilli ishlash hamda profilaktika choralarining samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Tadbir, Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligida, vazir oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda shaxsiy tarkibi ishtirokida oʻtkazildi.
Kun tartibiga koʻra, dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-303-son hamda 4-sentyabrdagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-314-son qarorlarida belgilangan vazifalar koʻrib chiqildi va ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Taʼkidlanganidek, zamonaviy ichki ishlar organlari uchun yuksak kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalana oladigan, vaziyatni tahlil qilish va mustaqil qaror qabul qilish salohiyatiga ega professional kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, xodimlarning xizmat davomida kasbiy salohiyatini muntazam oshirib borish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini taʼminlashda yangi ishlash tizimini amaliyotga samarali joriy etish, faoliyatni natijadorlik va shaxsiy masʼuliyat tamoyillari asosida tashkil etish talab etildi. Bunda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oqibati bilan kurashish emas, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni barvaqt aniqlash, profilaktik choralarni kuchaytirish hamda har bir hududdagi vaziyatdan kelib chiqib manzilli ishlashga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda qarorlarda belgilangan vazifalarni qogʻozdagi hisobotlar bilan cheklamasdan, ularning ijrosini joylarda taʼminlash, har bir rahbar va xodimning vazifasi hamda masʼuliyatini aniq belgilash, eng muhimi, amaliy natijaga erishish boʻyicha qatʼiy talablar belgilab berildi.
Qayd etilganidek, yangi yondashuvlarning samarasi, avvalo, aholi bilan ishlash sifati, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va fuqarolarning ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchida namoyon boʻlishi kerak.
Yigʻilish davomida joriy yilning 8 oyida respublika hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Muayyan natijalarga erishilganiga qaramasdan, ayrim hududlarda jinoyatchilikka taʼsir koʻrsatayotgan omillarni chuqur tahlil qilish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, sodir etilgan jinoyatlarni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalasi ikkinchi darajaga tushib qolayotgani tanqid qilindi.
Vazir tomonidan hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga kriminogen vaziyatni faqat umumiy statistik koʻrsatkichlar asosida baholamasdan, har bir mahalla, koʻcha va oila kesimida tahlil qilish, jinoyat sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralarni koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Bunda har bir hududda jinoyatchilikning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, profilaktika ishlarini qayta koʻrib chiqish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar, muammoli oilalar va nazoratga muhtoj holatlar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida muhokama qilingan har bir masala yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlaridan kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning oldini olishda profilaktik yondashuvni kuchaytirish, ijtimoiy muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va ularning yechimigacha borish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha shaxsiy masʼuliyatni kuchaytirish talab qilindi.






