Zamon bilan hamnafas. Aqlli texnologiyalar — osoyishtalik xizmatida
2026-09-08 23:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi nafaqat vaqtni tejashga, balki vazifalar ijrosining sifati va tezkorligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi asosida Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarida raqamlashtirish, boshqaruvni takomillashtirish va jamoat xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, jinoyatlarni erta aniqlash va profilaktika qilishda elektron tahlil tizimlaridan samarali foydalanilmoqda.
Shuningdek, “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash tizimi raqamli monitoring asosida yoʻlga qoʻyildi. Tergov va protsessual harakatlarni elektron yuritish, raqamli hujjat aylanmasini amaliyotga joriy etish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib, xodimlarning bilim va tajribasi boyitildi.
Chunonchi, viloyat ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatiga 40 dan ortiq idoraviy axborot tizimi joriy etilgan. Ular fuqarolikni rasmiylashtirish, pasport-viza xizmati, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, tezkor maʼlumotlar, kriminalistika, tashkiliy hamda tergov yoʻnalishlarini qamrab olgan.
Qolaversa, hozirga qadar “Qalqon” platformasiga viloyat boʻyicha 8016 ta videokuzatuv kamerasi integratsiya qilindi. Ushbu texnik vositalarning 817 tasi 360 gradusli PTZ, 1436 tasi yuz qiyofasini, 1656 tasi esa avtoraqamlarni tanib oluvchi intellektual kameralardir.
Shu bilan birga, yil boshidan viloyatdagi bozorlar, aholi gavjum maskanlar va kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarga jami 2385 ta kamera (shundan 83 tasi 360 gradusli PTZ, 1340 tasi yuz va avtoraqamni tanib oluvchi kuzatuv kameralari) oʻrnatildi. Bu boradagi ishlar jadal davom ettirilmoqda.
Profilaktika xizmati xodimlarini raqamli qurilmalar bilan taʼminlash doirasida 852 ta planshet ajratildi. Ularning 16 tasi xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlar faoliyati samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan.
Bu aholi bilan ishlash, murojaatlarni tezkor qabul qilish hamda profilaktik tadbirlarni raqamli tarzda yuritish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Profilaktika va jamoat tartibini saqlash sohasida ochiqlik hamda xizmat intizomini kuchaytirish maqsadida PPX xodimlari zamonaviy bodikameralar bilan toʻliq taʼminlangan.
Shahar-tuman IIBlarida 25 ta alohida maxsus xona tashkil etilib, kuzatuv kameralari oʻrnatildi. Ushbu kameralar viloyat IIB navbatchilik qismi hamda IIVning Tezkor boshqaruv markaziga ulangan.
Eʼtiborli jihati, ayni vaqtda viloyat ichki ishlar organlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida birlashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Umuman olganda, tizimga axborot texnologiyalarini keng joriy etish borasidagi ishlar besamar ketmayapti. Joriy yilning oʻtgan davrida 654 ta jinoyat axborot texnologiyalari yordamida fosh etilib, qidiruvda boʻlgan 423 nafar shaxs ushlangani buning yaqqol tasdigʻidir.
Jasur Toʻrayev, Qashqadaryo viloyati IIB Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati Raqamli texnologiyalar boʻlimi boshligʻi, mayor.
