Markaziy Osiyo – Xitoy: xavfsizlik yoʻlidagi izchil hamkorlik va mushtarak masʼuliyat
2026-09-07 18:20:00 / Yangiliklar

Pekin shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlar vazirlari hamda Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi rahbariyati ishtirok etdilar. Oʻzbekiston delegatsiyasiga Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchilik qildi.
Mazkur uchrashuv soʻnggi yillarda jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo – Xitoy munosabatlarining mantiqiy davomidir.
Davlat rahbarlari oʻrtasida muntazam oʻtkazilayotgan uchrashuvlar va ochiq siyosiy muloqot oʻzaro ishonchni mustahkamlab, strategik sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitmoqda. Bu jarayon iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport va gumanitar sohalar bilan bir qatorda huquq-tartibot va xavfsizlik yoʻnalishini ham qamrab olmoqda.
Bugun xavfsizlikka tahdidlar transchegaraviy tus olganligi sababli terrorizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish davlatlar oʻrtasida tezkor axborot almashinuvi va muvofiqlashgan harakatlarni talab etadi.
Ayniqsa, kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar yangi yondashuvlarni taqozo qilmoqda. Jinoyat tashkilotchisi, ijrochisi va jabrlanuvchisi turli mamlakatlarda boʻlishi mumkin boʻlgan sharoitda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Pekindagi muloqotda ana shu masalalar yuzasidan tajriba almashish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida delegatsiyalar Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun tashkil etilgan oʻquv bazasining ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Mazkur oʻquv muassasasi xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, ilgʻor tajribani oʻrganish va amaliy koʻnikmalarni takomillashtirish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, transmilliy jinoyatchilik, kiberjinoyatlar va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda turli davlatlar mutaxassislarining tajriba almashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻquv jarayonlarini yagona hamkorlik maydonida tashkil etish turli mamlakatlar mutaxassislari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tajriba almashish, amaliy koʻnikmalarni takomillashtirish va sohadagi ilgʻor yondashuvlarni oʻzlashtirish imkonini beradi. Eng muhimi, bunday hamkorlik xavfsizlikni taʼminlashda umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv doirasida Xitoy Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun Oʻzbekiston Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatovga ikki tomonlama munosabatlar va idoralararo hamkorlikni izchil rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Jamoat xavfsizligi vazirligining eng oliy mukofoti “Buyuk devor” oltin esdalik medalini tantanali ravishda topshirdi. Ushbu mukofot ikki vazirlikning hamkorligini tobora mustahkamlanib borayotganligining ramzi sifatida qabul qilindi.
Tadbir yakunida Xitoyning jamoat xavfsizligini taʼminlash, raqamli texnologiyalarni huquqni muhofaza qilish tizimiga joriy etish borasidagi tajribasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyatga egaligi, oʻzaro tajriba almashinuvi esa jinoyatchilikning yangi shakllariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.






