Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari boʻlinmalarining xizmat faoliyatini tashkil etish masalalari oʻrganildi
2026-09-07 11:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi polkovnik Timur Ismailov Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida Qarshi va Koson tumani IIB faoliyati bilan tanishib, yangi barpo etilayotgan IIB binolarida olib borilayotgan qurilish ishlari oʻrganildi.
Shuningdek, u kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan Koson tumani Mashʼal MFY, Qarshi tumani Qovchin MFY hamda Qarshi shahar Choʻlquvar MFYlarida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari hamda mahalla yettiligi bilan uchrashib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilanib, amaliy tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Tashrif davomida ichki ishlar organlari boʻlinmalarining moddiy-texnika taʼminoti darajasi, shuningdek, xodimlarning kasbiy, jangovar va jismoniy tayyorgarligi uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.
Shuningdek, xizmat faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, oʻquv-moddiy bazani yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati






