Surxondaryo viloyati IIB rahbariyati Angor tumanida tungi xizmat faoliyatini oʻrgandi
2026-09-06 12:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatida fuqarolarning tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirish borasida tungi xizmat faoliyati muntazam nazorat qilib borilmoqda.
Shu maqsadda viloyat IIB boshligʻi Baxtiyor Inoqov tomonidan hududlarda tungi vaqtda jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xizmatlarning faoliyati oʻrganilmoqda.
Navbatdagi oʻrganish Angor tumanida oʻtkazildi. Oʻrganish davomida Angor tumani IIBning navbatchilik qismi faoliyati, kuch va vositalarning xizmatga shayligi hamda tungi vaqtda tezkor boshqaruvni taʼminlash holati koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, Angor tumanidagi Huquq-tartibot maskanida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar bilan yoʻriqnoma oʻtkazilib, fuqarolar tomonidan qilinayotgan murojaatlarni qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqish, xizmatni samarali tashkil etish, jamoat joylarida osoyishtalikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va yoʻl harakati xavfsizligiga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xizmat intizomini yanada mustahkamlash hamda tungi navbatchilikni samarali tashkil etish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tinchlik va osoyishtalik — barchamizning umumiy masʼuliyatimiz.
Surxondaryoda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va osoyishta muhitni mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati




