Surxondaryo viloyati hokimi Denov tumanida profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi
2026-09-06 10:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov Denov tumanida profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda kriminogen vaziyati yuqori boʻlgan mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni jilovlash borasida profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, hududlardagi mavjud muammolar, jinoyatchilikka sabab boʻlayotgan omillar hamda ularni bartaraf etish choralari yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Shuningdek, jinoyatlarning oldini olish borasida tuman masʼullari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda koʻrib chiqilib, profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Alisher Kayupovning xizmat uylari masalasi boʻyicha taqdimoti ham tinglandi.
Uchrashuv yakunida hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha masʼullarga aniq vazifa va tegishli topshiriqlar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati




