Namangandagi IIV obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi
2026-09-05 20:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov Namangan viloyatida boʻlib, IIV tizimidagi qator obyektlarda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalarni oʻrgandi.
Jumladan, IIV Tibbiyot boshqarmasining Namangan gospitalida hududning obodonlashtirilishi, maʼmuriy binolarning jihozlanishi, tibbiy anjomlar bilan taʼminlanganlik darajasi hamda xodimlar va pensionerlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, gospitalning terapiya, nevrologiya va kardiologiya boʻlimlarida davolanayotgan xodimlar va pensionerlar bilan suhbatlashilib, ularga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati hamda yaratilgan sharoitlar yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi.
Tashrif davomida ichki ishlar organlari uchun kichik ofitserlar tarkibini tayyorlashga moʻljallangan IIV Namangan texnikumi sifatida qayta qurilayotgan Uychi tumanidagi sobiq 4-son texnikumning bino va inshootlari holati ham oʻrganildi.
Mazkur obyektlarning foydalanishga yaroqlilik darajasini tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda oʻrganish, shuningdek, ilgʻor tajriba asosida oʻquv binolari va yotoqxonalarni taʼmirlash hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda obyektlarda zamonaviy talablarga mos shart-sharoitlar yaratish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.









