Xalqaro eʼtibor markazidagi Samarqand — yuksak ishonch, ulkan masʼuliyat va mustahkam xavfsizlik
2026-08-01 00:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ochiq va pragmatik tashqi siyosat, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi izchil saʼy-harakatlar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini tobora yuksaltirib bormoqda.
Ayniqsa, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand bugun xalqaro muloqot va hamkorlikning muhim markazlaridan biriga aylanmoqda.
Ayni kunlarda shaharda Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament aʼzolarining XII Butunjahon konferensiyasi oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbir yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, parlamentlararo muloqot va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, 10–29-sentyabr kunlari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 12–13-sentyabr kunlari esa “World Triathlon Para Series-2026” hamda “Challenge Samarkand-2026” xalqaro sport musobaqalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Imom al-Buxoriyning hadis xatmi — hadisshunoslik musobaqasi hamda “Butunjahon suvni tejash” xalqaro forumi ham Samarqandda boʻlib oʻtishi belgilangan.
Ushbu tadbirlarning har biri alohida yoʻnalishga taalluqli boʻlsa-da, ularni birlashtirib turgan muhim jihat bor: ular Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi, tinchligi, barqarorligi va tashkiliy salohiyati namoyon boʻladigan ulkan maydondir. Shu bois ularni munosib darajada oʻtkazish faqat tashkiliy vazifa emas, balki mamlakat nufuzi, milliy manfaatlar va xavfsizlik bilan bevosita bogʻliq muhim vazifadir.
Mazkur xalqaro tadbirlarning xavfsiz va barqaror muhitda oʻtishlari alohida nazoratga olingan. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirokida viloyatdagi kriminnogen vaziyat, tadbirlarga tayyorgarlik holati, kuch va vositalarning shayligi atroflicha oʻrganildi.
Tegishli mutasaddilarga jamoat tartibini taʼminlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, xizmatlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarning oldini olish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Tayyorgarlik doirasida Imom Buxoriy majmuasi hamda Samarqand turizm markazidagi “EXPO” markazi koʻzdan kechirildi. Tadbirlar oʻtkaziladigan obyektlarning holati, xavfsizlikni taʼminlash imkoniyatlari, zarur kuch va vositalarning joylashuvi oʻrganildi. Samarqand turizm markazida tadbirlarga jalb etiladigan kuch va vositalarning tayyorgarlik holati koʻrib chiqilib, majlislar zalida xalqaro tadbirlarni tashkil etish yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishildi.
Tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va xorijiy mehmonlar xavfsizligini taʼminlash, transport harakatini muvofiqlashtirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ehtimoliy holatlarga tezkor javob qaytarish masalalari boʻyicha koʻrilayotgan kompleks choralar koʻzdan kechirildi.
Mazkur tadbirlarda Oʻzbekistonning tinchliksevar siyosati, barqaror taraqqiyotga intilishi va xalqaro hamkorlikka ochiqligi yana bir bor namoyon boʻlayotganligi, ularning xavfsiz va yuqori saviyada oʻtishi esa davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalardan yuksak intizom talab etishi maʼsullarga tushuntirildi.









